Gvardiolada to‘purar himoyachilar, «Barsa» raqiblarga dahshat solmoqda. Kun o‘yinlari

Sport 14:01 / 21.10.2024 7022

Angliya: markaziy o‘yinda kutilmagan qahramon

«Liverpul» — «Chelsi» 2:1
Gollar
: Saloh (29, penalti), Jons (51) — Jyekson (48).
«Liverpul» – Kelleher, Roberson, van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold (Gomes, 81), Jons (Mak Allister, 81), Gravenberh, Gakpo (Dias, 66), Soboslai, Saloh, Jota (Nunes, 30).
«Chelsi» – Sanches, Gyusto, Koluill, Adarabioyo (Badiashil, 53), Jyeyms (Veyga, 53), Laviya (Fernandes, 53), Kaysedo, Palmer, Sancho (Netu, 46), Madueke (Nkunku, 76), Jyekson.
Ogohlantirishlar: Adarabioyo (6), Slot (26), Jyekson (28), Soboslai (45+8), Nunes (69), Veyga (78), Konate (80), Mak Allister (90+2).

«Liverpul» va «Chelsi» bu mavsumda kutilganidan yuqoriroq daraja namoyish etmoqda. Londonliklar ikki yillik pasayishdan keyin yana Chempionlar ligasiga da’vogar, mersisaydliklarga Yurgen Klopp ketishi ta’sir ko‘rsatmagan. 8-turda bu jamoalardan kamida bittasi ochko yo‘qotishi muqarrar edi. Bu klub esa diskvalifikatsiya tufayli Fofana va Kukurelyaning xizmatlaridan foydalana olmagan «Chelsi» bo‘ldi.

O‘yin «Liverpul» uchun qulay tarzda boshlandi. «Chelsi» hujumkor o‘yinini namoyish etishga urindi va maydonning o‘z darvozasi joylashgan tomonida katta bo‘shliqlar qoldirdi. Natijada mezbonlar muntazam ravishda bir-ikki pas bilan maydon markazini kesib o‘ta boshladi. «Liverpul» futbolchilari har safar yanada tezroq harakatlanishdi. Hujumlardan birida «Chelsi» darvozaboni joniga rikoshet ora kirdi.

Oltinchi daqiqada «Liverpul» futbolchilari hujumni to‘xtatgan Adarabioyoni so‘nggi umid folini ishlatishda ayblab, unga qizil kartochka ko‘rsatishni talab qilishdi. Hakam esa «Arsenal»ning bir kun oldingi o‘yinida Saliba bilan bo‘lgan vaziyatdan farqli o‘laroq, bu yerda boshqa himoyachilar yaqinroq bo‘lgani va to‘p oldinga emas, qanot tomon ketganini ko‘rsatib, mezbonlar futbolchisi yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketishi ehtimoli kam bo‘lgan deb topdi va sariq kartochka ko‘rsatish bilan kifoyalandi.

Bundan tashqari, «Liverpul» birinchi bo‘limda to‘rt marta penalti talab qildi. Birinchi holatda bu chindan ham fol bo‘lib ko‘rinmagandi, chunki to‘p himoyachining pastga tushirilgan qo‘liga kelib tegdi. Ikkinchi epizodda Kolvill va Saloh o‘rtasida keskinroq yakkakurash kechdi. Agar bosh hakam penalti qo‘yganida, VAR aralashishi dargumon edi. Uchinchi holatda Kolvillning Jonsga ishlatgan folidan keyin arbitr 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi va Saloh zarbani ishonchli ijro etdi.

Bo‘lim oxirida esa hakam «Liverpul» foydasiga ikkinchi bor penalti belgiladi. Ammo videotakror «Chelsi» darvozaboni Jonsga qo‘pollik qilmagani va to‘pga o‘ynaganini ko‘rsatdi. VAR bosh hakamni monitorga chaqirdi va u epizodni qayta ko‘rib chiqib, qarorini bekor qildi.

«Chelsi» ham birinchi bo‘limda qator hujumlar uyushtirdi, Palmer ikkita imkoniyatni qo‘ldan chiqardi. «Liverpul» 30-daqiqadayoq Jota jarohat olib maydonni tark etganiga qaramay, ustunlik qilishda davom etdi.

Ikkinchi bo‘lim «Chelsi»ning Nikolas Jyekson ijrosidagi goli bilan boshlandi. Avvaliga gol ofsayd tufayli hisobga olinmagandi, ammo bu yerda ham mehmonlarga VAR yordamga keldi. Videotakrordan keyin forvard ofsaydga yaqin bo‘lgan bo‘lsa-da, Konatening oyog‘i undan oldinroqda qolib ketgani ma’lum bo‘ldi.

«Liverpul» esa uch daqiqa o‘tib hisobdagi ustunlikni o‘ziga qaytardi. «Chelsi» himoyachilaridan hech biri Jonsni qo‘riqlamadi, u jarima maydoni ichiga yorib kirib, to‘pni qabul qildi va uni darvozabonning qo‘li ostidan o‘tkazdi.

«Chelsi» 53-daqiqaga kelib barcha almashtirishlarni amalga oshirib bo‘ldi. Sancho, Adarabioyo, Jyeyms va Laviya o‘rniga Netu, Badyashil, Fernandes va Veyga tushirildi. O‘yin biroz tinchlandi – ikki darvoza qarshisida ham xavfli vaziyatlar kamaydi, maydon markazidagi yakkakurashlar ortdi.

«Chelsi»ning hujumlari ogohlantirishlar evaziga to‘xtatildi. Konate ham, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Mak Allister ham shunday qilishdi. Ikki jamoa futbolchilari jami 7 ta sariq kartochka olishdi, 90 daqiqa davomida darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar soni ham shuncha chiqdi.

Hakam asosiy vaqtga yetti daqiqa qo‘shib berdi, ammo «Liverpul» g‘alabali hisobni saqlab qoldi. Arne Slot shogirdlari turnir jadvalida birinchi o‘ringa qaytishdi». «Chelsi» esa «Brayton»ni oldinga o‘tkazib yuborib, oltinchi o‘ringa tushdi. 

Mersisaydliklar keyingi o‘yinni «Arsenal»ga qarshi safarda o‘tkazishadi. Mareska shogirdlarini esa qiyin oraliq kutmoqda — londonliklar navbatma-navbat «Nyukasl», «MYu» va «Arsenal»ga qarshi o‘ynaydi.

«Vulverhempton» — «Manchester Siti» 1:2
Gollar:
Larsen (8) — Gvardiol (33), Stounz (90+5).
«Vulverhempton» – Sa, Gomesh, Douson, Bueno, Ait-Nuri, Semedu, Lemina, Andre (Doyl, 46), Gomes (Bellgard, 90), Kunya (Borjyesh, 67), Larsen (Gedesh, 80).
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Diash, Stounz, Lyuis, Kovachich (Nunesh, 86), Silva, Gundo‘g‘an, Doku (Foden, 66), Savio (Grilish, 73), Holand.
Ogohlantirishlar: Gomesh (14), Semedu (20), Savio (39), Gomes (63), Sarabiya (90+8).

Bu mavsumda «Manchester Siti» himoyachilari o‘z vazifalarini namunadagidek bajara olishmayapti, jamoa mavsum startidagi 7 o‘yindan 6 tasida darvozasi daxlsizligini saqlay olmagandi. O‘rtamiyona darajadagi navbatdagi raqibdan ham tezkor gol o‘tkazib yuborildi. «Bo‘rilar» amaldagi chempionlar pressinginidan ajoyib chiqib ketdi, Lyuis esa Strand-Larsenni qo‘riqlay olmadi, u Nelson Semeduning qanotdan uzatmasini osonlik bilan golga aylantirdi. Keyingi qarshi hujumda esa portugaliyalik futbolchining o‘zi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatda paydo bo‘ldi, ammo Ederson bu duelda ustun keldi.

Gvardiol esa bor mahoratini ishga solishiga to‘g‘ri keldi. Bungacha o‘yin davomida bir necha bor jamoasini qutqargan Joze Sa xorvatiyalik himoyachining uzoqdan yo‘llagan kuchli zarbasidan keyin to‘pga barmoqlari uchi bilan tegishga ulgurdi, ammo to‘p olis «to‘qqizlik»ka borib tushishiga to‘sqinlik qila olmadi, Gvardiol esa APLda 2024 yilning eng yaxshi to‘purar himoyachisiga aylanib oldi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa mehmonlarning boshqa bir himoyachisi Stouns burchakdan uzatilgan to‘pga barchadan baland sakrab, yana bir bor jamoasiga g‘alaba keltiruvchi golni urdi.

Ispaniya: Simeone o‘g‘lidan mamnun

«Atletiko» — «Leganes» 3:1
Gollar
: Syorlot (69, 90+10), Grizmann (81) — Noupa (34). 
«Atletiko» – Oblak, Galan, Langle (Ximenes, 64), Vitsel, Molina (Lino, 46), Koke (De Paul, 57), Grizmann, Rikelme (Simeone, 57), Barrios, Syorlot, Korrea (Alvares, 57).
«Leganes» – Dmitrovich, Xavi (Enrik Frankesa, 83), Nastasich, Serxio Gonsales, Roze, Raba (Lopes, 68), Sisse (Diyego Garsiya, 83), Tapiya, Neu, Xuan Krus (Munir, 68), de la Fuente (Aller, 77).
Ogohlantirishlar: Langle (30), Galan (73), Sisse (80), Grizmann (89), Simeone (90+2), De Paul (90+8).

«Atletiko»ga milliy jamoalar o‘yinlari ta’sir ko‘rsatmagani aniq. Madridliklar tanaffus arafasida Chempionlar ligasida «Benfika»dan sharmandali hisobda mag‘lub bo‘lgan (0:4) va ichki chempionatda «Real Sosiyedad» bilan o‘yinda g‘alabani qo‘ldan chiqargandi (1:1). «Leganes» bilan ham barchasi silliq kechmadi. Segundadan chiqib kelgan jamoa o‘z tarixida ilk bor «matraschilar» maydonida gol urdi va hisobdagi ustunlikni anchagacha o‘zida ushlab turdi. Faqat qizil-oqlar bilan o‘yinda hisobni saqlash uchun o‘ynash o‘zini oqlamaydi, chunki la liganing bu mavsumida boshqa biror jamoa oxirgi o‘n besh daqiqalikda ulardan ko‘ra ko‘proq gol (7) ura olmagan.

«Atletiko» esa o‘yinning o‘zi uchun omadli kechadigan oxirgi qismini kutmasdan hisobni tenglashtirdi. Serlot nihoyat poytaxt jamoasi safida ilk uy golini urdi, u Vitselning pasidan keyin to‘pni tovoni bilan darvoza to‘riga kiritib yubordi. Va aynan u o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar yakunida mehmonlarni uzil-kesil taslim qildi. Norvegiyalik hujumchi 2024 yil boshidan buyon urgan gollari soni bo‘yicha la ligada faqat Levandovskidan ortda (21 ga qarshi 19). O‘yindagi g‘alaba goli urilgan kombinatsiya esa Diyego Simeoneda o‘zgacha hissiyotlar uyg‘otgani aniq, bu hujum davomida bosh murabbiyning o‘g‘li Juliano yon chiziqqa borayotgan to‘pga jon holatda tashlanib yetib bordi va uni Grizmannga uzatdi.

«Barselona» — «Sevilya» 5:1
Gollar:
Levandovski (24 penalti, 39), Pedri (28), Torre (82, 88) — Idumbo (87).
«Barselona» – Penya, Balde, Martines, Kubarsi, Kunde, Pedri (Gavi, 83), Kasado, Fati (Martin, 76), Rafinya (Lopes, 66), Yamal (Torre, 76), Levandovski (Viktor, 66).
«Sevilya» – Nyuland, Pedrosa (Montiel, 81), Markao Teysheyra, Bade, Karmona, Gudel, Agume (Idumbo-Muzambo, 70), Ejuke (Lokonga, 45+1), Peke (Suso, 46), Lukebakio, Romero.
Ogohlantirishlar: Pedrosa (45+4), Fati (74), Sou (85).

«Sevilya» «Barselona» hujumlarini katta qiyinchiliksiz qaytarib turgandi, ammo Peke Rafinyaga ishlatgan ahmoqona fol barchasini o‘zgartirib yubordi. Levandovski penaltini o‘z odatiga ko‘ra ijro etdi, yana to‘rt daqiqa o‘tib maydon markazida to‘p olib qo‘yilgach, boshlangan tezkor qarshi hujumda Pedri jarima maydoni tashqarisida to‘pga birinchi teginishida to‘sin ostiga qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

Tanaffus arafasida esa Levandovski yana bir goli bilan intrigaga butkul barham berdi. Polyak hujumchisi ikki zarbasi bilan «kuchli beshlik»dagi to‘purarlar poygasida oldinga chiqib ketdi. U avvaliga Gerd Myuller bilan tenglashdi. Keyin — Jimmi Grivz bilan. Endi u 366 ta aniq zarbasi bilan uchinchi o‘rinda joylashgan. Undan oldinda faqat Messi (496) va Krishtianu Ronaldu (495) bor.

Uchta gol farqidan keyin oldinda YeChL doirasida «Bavariya»ga qarshi va ichki chempionatda «Real» bilan klasiko o‘yini borligini nazarda tutgan holda bosh murabbiy yetakchilarga dam berishga qaror qildi. Lekin zaxiradan tushgan Pablo Torre ham dubl qayd etdi. Uning aniq zarbalaridan keyin jamoaning mavsum boshidagi 9 turda urgan gollari soni 31 taga yetdi, bu «Barsa»da 2012 yildan buyon eng sermahsul start. Yirik g‘alabadan keyin «Real» bilan oradagi uch ochkolik farq saqlab qolindi.

O‘yindagi muhim voqea esa – Gavi og‘ir jarohatdan 349 kun o‘tib yana maydonga qaytishi bo‘ldi. 83-daqiqada uni muxlislar ham, futbolchilar ham olqishlar bilan qarshi olishdi. Gavi sardorlik bog‘ichini qabul qilib oldi va odatini kanda qilmasdan birinchi harakatidayoq fol ishlatdi.

Hansi Flikda tarkib bo‘yicha imkoniyatlar kengaymoqda, bundan avvalroq avgust oyidan buyon jarohatini davolagan Fermin Lopes safga qaytgandi, shuningdek, Dani Olmo ham jarohatidan keyin ilk bor o‘yin qaydnomasiga kiritildi. 

Italiya: Lautaro tarixga kirmoqda

«Empoli» — «Napoli» 0:1
Gol:
Kvaratsxeliya (63, penalti).
«Empoli» – Vaskes, Viti, Ismayli, Goglichidze (Henderson, 79), Grassi (Solbakken, 72), Anjorin (Xaas, 78), Fatssini (Ekong, 78), Petssella, Gyasi, Espozito, Kolombo (Konate, 86).
«Napoli» – Kaprile, Spinatssola (Olivera, 59), Buonjorno, Rrahmani, Di Lorenso, Maktominey, Gilmur, Zambo-Angissa, Kvaratsxeliya (Neres, 76), Lukaku (Simeone, 59), Politano (Matssokki, 87).
Ogohlantirishlar: Grassi (33), Zambo-Angissa (37), Di Lorenso (76).

«Empoli» bilan oson kechmagan uchrashuvdagi g‘alaba Antonio Konte jamoasiga yakkapeshqadamlikni saqlab qolishga imkon berdi, o‘yindagi hal qiluvchi palla esa Politano raqib jarima maydoni ichida yiqilishi bo‘ldi. Arbitr «nuqta»ni ko‘rsatdi va Kvaratsxeliya penaltini aniq ijro etdi. O‘tgan mavsumda Xvichada bu borada xatoliklar kuzatilgandi, bu safar esa u o‘z vaqtida pauza qilib, darvozabonni aldadi va sovuqqonlik bilan maydon markaziga kuchli zarba yo‘lladi. Qayd etish kerakki, yil boshidan buyon A seriyada faqat ikki futbolchi kamida 10 gol urgan va shu bilan birga kamida beshta golga uzatma bergan. Yakshanba kuni gurjistonlik vinger shu ikkinchi futbolchiga aylandi, faqat milanlik Pulishichning statistikasi unikidan yaxshiroq (11+7).

«Roma» — «Inter» 0:1
Gol:
Martines (60).
«Roma» – Svilar, Anxelino (Ermoso, 79), Ndika, Manchini, Pellegrini, Dibala (Sule, 79), Chelik, Zalevski (Baldanzi, 72), Kristante (Le Fe, 79), Kone (Pizilli, 53), Dovbik.
«Inter» – Zommer, Bastoni (Bissek, 71), Acherbi (de Vrey, 27), Pavar, Dimarko, Darmian (Dumfris, 71), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Frattezi, 12), Barella, Martines (Korrea, 72), Tyuram.
Ogohlantirishlar: Barella (48), Kristante (49), Pizilli (62), Darmian (68), Korrea (78).

Bu turda Italiyaning yetakchi klublari muxlislarini sermahsullik bilan xursand qila olishmadi. «Milan», «Yuventus» va «Napoli» bittadan gol urishdi, turinliklar goli raqib futbolchisi avtogoli sifatida yozilgan. «Roma» bilan o‘yinda «Inter» ham bu an’anani davom ettirdi. «Neradzurrilar»da tarkib bo‘yicha jiddiy muammolar yuzaga keldi, birinchi bo‘lim o‘rtalarida Simone Indzagi jarohat tufayli ikki muhim futbolchisi — Hoqon Chalxono‘g‘li va Acherbini almashtirishga majbur bo‘ldi.

Ammo amaldagi chempionlar qiyin vaziyatdan chiqib ketishdi va raqibni xato qilishga majburlab, bundan foydalanishdi. Kutilganidan barvaqt maydonga chiqqan Frattezi to‘pni Zalevskidan olib ketdi, «bo‘rilar» himoyachilari to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtira olishmadi va Lautaro Martines kuchli zarba bilan to‘pni to‘sin ostidan kiritdi. Bu argentinalik hujumchi uchun qora-ko‘k libosdagi 133-gol bo‘ldi va u endi Ishtvan Nersh bilan birgalikda «Inter» tarixidagi eng yaxshi xorijlik to‘purar bo‘lib turibdi.

Fransiya: De Dzerbi — Biyelsa kabi

«Monpele» — «Marsel» 0:5
Gollar:
Vai (1), Harit (36), Hyoyberg (40), Grinvud (58), Luis Enrike (73). 
«Monpele» – Lekomt, Silla (Minkarelli, 56), Omeragich (Jodich, 55), Sako (Tshato, 86), Ture, Njingula, Shotar (Ferri, 39), Kulibali (Hazri, 85), Savaniye, Norden, Adams.
«Marsel» – Rulli, Garsiya (Ronjye, 79), Kornelius, Balerdi, Lirola (Murillo, 60), Rabio, Hyoyberg, Harit (Sternal, 79), Rou (Luis Enrike, 60), Grinvud, Vai (Kone, 70).
Ogohlantirishlar: Kornelius (19), Njingula (27), Rou (51), Sternal (90).
Chetlatish: Jodich (64). 

Ikki haftalik tanaffusdan oldin «Marsel» tempni pasaytirib, «Strasbur»ga yutqazgan (0:1) va bir kishi ko‘p bo‘lib harakat qilganiga qaramay, o‘z uyida «Anjye» bilan durang o‘ynagandi (1:1). Ammo yakshanba kuni Roberto De Dzerbi jamoasi yana yuqori formaga qaytdi va «Monpele» rahbarligida 200-o‘yinini o‘tkazgan Mishel Der Zakaryanning yubileyini rasvo qildi. 38-soniyadayoq Vai sobiq jamoadoshlarini ranjitdi.

Provansalliklar uchinchi o‘rinda va peshqadamlar «PSJ» va «Monako»dan faqat uch ochkoga ortda bormoqda, endi barcha Marselo Biyelsaning «Velodrom»dagi faoliyati bilan parallellar o‘tkazmoqda. O‘n yil muqaddam ham «Marsel» 8 tur yakunlariga ko‘ra shunday samaradorlik (21 gol) ko‘rsatgandi. Argentinalik mutaxassis boshqaruvi davridan buyon jamoa safar o‘yinlarida bunday yirik hisobda g‘alaba qozonmagandi.

Kun statistikasi

0:4 — «Gavr»ning liga 1 o‘yinlarida 1988 yildan buyon eng yirik mag‘lubiyati. Bu jamoani tor-mor keltirgan «Lion» ikki mavsumdan buyon ilk bor turnir jadvalida urilgan va o‘tkazilgan gollar nisbati bo‘yicha ijobiy farqqa erishdi.

«Fiorentina» 1966 yil oktyabridan buyon ilk bor A seriyada safar o‘yinlarida 6 gol urdi.

Italiyalik hujumchi Retegi «Atalanta» safidagi to‘qqiz o‘yinda 8 gol urdi. Bergamoliklar klubi tarixida faqat 1949 yilda Karl-Age Hansen bundan yaxshiroq debyut qilgan (9 gol).

«Fiorentina» yarimhimoyachisi Kataldi A seriyadagi o‘n golidan 8 tasini jarima maydoni tashqarisidan urgan. Opta kompaniyasi bunday ma’lumotlarni hisoblashni boshlaganidan buyon (2004/05 yillar mavsumi) uzoqdan yo‘llangan zarbalar ulushi faqat Gekxan Inlerda yuqoriroq bo‘lgan (93 foiz).

«Liverpul» mavsum startidagi o‘n bir o‘yindan 10 tasida g‘alaba qozondi. Qizillar boshqaruvida Arne Slotgacha faqat Kenni Dalglish bunday natija bilan maqtana olardi (1990/91 yillar mavsumi). Butun APL bo‘yicha esa faqat Xosep Gvardiola ikki raqamda ifodalanadigan g‘alabaga undan tez erishgan (10 o‘yinda 10 g‘alaba).

«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh APLning 34 o‘yinida ham gol, ham golli uzatma muallifi bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha misrlik futbolchi faqat Runidan ortda (36).

«Atalanta» yarimhimoyachisi Pashalich A seriyada 50-golini urib, Perishichdan o‘zib ketdi va turnir tarixidagi eng samarali xorvatiyalikka aylandi.

Aleksandr Lyakazett «Lion» sardori sifatida 65 gol urib, bu borada braziliyalik Sonni Anderson asr boshida qayd etgan ko‘rsatkichni yangiladi.

«Vilyarreal» yarimhimoyachisi Dani Parexo la ligadagi 500-o‘yinini o‘tkazdi.

Ko‘proq yangiliklar: