Herkul (Gulen izdoshlari sayt)ning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berilishicha, u 20 oktyabr kuni shifoxonada jon bergan. U 83 yoshda edi.
CNN Turk xabariga ko‘ra, u Pensilvaniya shtatidagi klinikada davolanayotgandi. Avvalroq unga jigar yetishmovchiligi, diabet, shuningdek, demensiya tashxisi qo‘yilgandi.
Gulen 1941 yilda Erzurum viloyatida, imom oilasida tug‘ilgan.
1959 yilda uning o‘zi ham imomga aylangan, 1960-yillarda Izmir viloyatida diniy voiz sifatida mashhurlikka erishgan.
Gulen o‘sha vaqtda va’z o‘qigan talabalar uylari va choyxonalarda uning harakatiga tamal toshi qo‘yilgandi.
Turkiyada «Hizmet» (keyinroq Erdo‘g‘an unga FETO deb nom bergan) deb nom olgan gulenchilar harakati bag‘rikeng islomni targ‘ib qiladi va ta’lim, erkin bozor va turli dinlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga urg‘u beradi.
Gulenning rasmiy saytida aytilishicha, u asos solgan harakat shakllanayotgan «Yevropa islomi»ning bir qismi bo‘lgan. Gulen zo‘ravonlik, terror va xudkushlar hujumiga qarshi chiqqan, shuningdek, musulmon olamining AQShdagi 11 sentabr voqealarini qoralab chiqqan ilk ilohiyotchisi bo‘lgan.
«Hizmet»ning eng ko‘zga ko‘ringan faoliyat shakli — Turkiyada hamda xorijda maktablar va universitetlar tashkil etish va boshqarishdir.
Gulen uzoq vaqtgacha Turkiyadagi ta’sir darajasi bo‘yicha Erdo‘g‘andan keyingi ikkinchi odam sanalgan.
O‘tmishda ular safdosh bo‘lishgan, ammo keyin ularning yo‘li ayrilgan.
2013 yilda Erdo‘g‘anga yaqin bo‘lgan ko‘plab kishilar korrupsiyada ayblangandi.
O‘shanda ko‘pchilik bu ayblovlar ortida «Hizmet» a’zolari bo‘lgan politsiyachilar hamda prokurorlar turganini taxmin qilgandi.
2014 yilda Turkiya hukumati «Hizmet»ni terrorchilik tashkiloti deb e’lon qildi, Gulen qidiruvga berildi.
Bu vaqtga kelib voiz AQShda yashardi: Gulen okeanortiga 1999 yilda davolanish uchun yo‘l olgan va shundan keyin Turkiyaga qaytmagan.
2016 yil 15-16 iyul kunlarida Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish amalga oshirilgandi. O‘shanda Turkiya prezidenti ta’tilda ekanida harbiylar Anqara, Istanbul va boshqa katta shaharlarda strategik muhim obektlarni egallab olishga harakat qiladi. Xususan, fitnachilar F-16 qiruvchilari joylashgan aviabazani o‘z nazoratiga olib, ushbu samolyotlar bilan parlament binosini o‘qqa tutgandi.
Ikki kunlik to‘qnashuvlar oqibatida Turkiyada 250 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, ikki mingdan ortiq kishi yaralangan.
Erdo‘g‘an Gulenni isyonni tashkillashtirishda ayblagan, ammo voiz bunga aloqadorligini rad etgan.
Shundan keyin butun mamlakat bo‘ylab Gulenning tarafdorlarini ta’qib qilish boshlanadi: 150 mingdan ortiq kishi (jumladan, o‘qituvchilar, politsiyachilar, jurnalistlar) o‘z lavozimlaridan bo‘shatiladi yoki chetlashtiriladi, 77 mingdan ortiq kishi hibsga olinadi. 300 dan ortiq kishi hokimiyatni egallashga urinish va prezident hayotiga suiqasd uyushtirish kabi ayblovlar bilan umrbod qamoq jazosiga mahkum etiladi.
Gulenga aloqador bo‘lgan kompaniyalar va nashrlar davlat nazorati ostiga o‘tadi yoki o‘z faoliyatini to‘xtatadi.