O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azo rasmiylari yakshanbaga o‘tar kechasi Isroil anklav shimolidagi Bayt-Laxiyaga zarba bergani, oqibatda 87 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Kamida 40 kishi yaralangan, ko‘pchilik hamon xarobalar ostida qolmoqda.
HAMAS nazoratidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, ko‘plab jabrlanuvchilar tez yordam brigadalari yetib bora olmaydigan joylarda qolmoqda.
Isroil qurbonlar to‘g‘risidagi ma’lumotni tekshirayotgani, ammo HAMAS ofisi tomonidan taqdim etilgan raqamlar bo‘rttirilgan deb hisoblashini ma’lum qilmoqda.
Bu orada o‘ldirilgan Yahyo Sinvar o‘rniga HAMASga yangi rahbar tayinlandi. Qatarda yashovchi Xolid Mash’al endi G‘azodan tashqarida turib HAMASni boshqaradi va muzokaralarda ishtirok etadi.
Yahyo Sinvarning jasadini qo‘lga kiritgan Isroil undan G‘azoda garovda ushlab turilgan fuqarolarini qaytarishda foydalanishni ko‘zlamoqda.
Eronning bayonotlari
Eron Isroil hujumlariga munosib javob qaytara olishini ma’lum qildi va o‘ziga hujum bo‘lgan taqdirda Isroildagi nishonlarini belgilab olgan. Bu haqda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy ma’lum qildi.
«Eronga qilingan har qanday hujum «qizil chiziqni» kesib o‘tish hisoblanadi, biz buni javobsiz qoldirmaymiz. Eronning yadroviy inshootlariga qilingan har qanday hujumga yoki shunga o‘xshash har qanday zarbaga munosib javob qaytaramiz», degan Araqchiy.
«Biz endi Isroil tomonidan ishg‘ol qilingan yerlardagi barcha nishonlarimizni aniqladik va ularga qarshi ham xuddi shunday hujumni amalga oshiramiz», dedi Araqchiy.
U AQShni tanqid qilib, uning yordamisiz Isroil G‘azo sektori va Livanda jang qila olmasligini aytdi. «Agar amerikaliklar haqiqatan ham siyosiy iroda ko‘rsatsa, ular Isroilni to‘xtatib, hujumlarga barham berishi mumkin edi», deb qo‘shimcha qilgan vazir.
«Agar mintaqada keng ko‘lamli urush boshlansa, AQSh unga jalb qilinadi, Eron buni istamaydi», dedi Araqchiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaro Fors ko‘rfazi davlatlarini qamrab olishi mumkin, lekin buni diplomatik kelishuv bilan hal qilish uchun hali ham imkoniyat bor.
Moldovadagi saylovlar
Moldovada kecha yakshanba kuni prezidentlik saylovlari va mamlakatni Yevropa Ittifoqiga integratsiya qilish bo‘yicha referendum o‘tkazildi.
Dastlabki sanoqlarga ko‘ra kim prezident bo‘lishi ikkinchi turda hal bo‘ladi. Chunki nomzodlarning hech biri 50 foizlikdan ko‘p ovoz jamg‘ara olmagan. 42 foiz byulletenlar sanab chiqilganida mamlakatning amaldagi prezidenti Mayya Sanduni saylovchilarning 35 foizi qo‘llagani ma’lum bo‘lgan.
Ikkinchi o‘rinda rossiyaparast partiya tomonidan qo‘llanayotgan Aleksandr Stoyanoglo 29 foiz atrofida ovoz to‘plagan.
Referendum bo‘yicha ovozlar teng ikkiga bo‘lingan. Byulletenlarning 97,43 foizi sanab chiqilganida yevrointegratsiya tarafdorlari 49,82 foiz, qarshilar esa 50,18 foiz ekani ma’lum bo‘lgan.
Yevropadagi «tarixiy mudofaa pakti»
Buyuk Britaniya kelgusi hafta Germaniya bilan «tarixiy mudofaa pakti»ni imzolaydi. Bu Yevropa Ittifoqi bilan yanada yaqinroq harbiy va xavfsizlik aloqalarini o‘rnatish imkonini beradi, deb yozgan The Sunday Times.
Bitim Britaniya va Germaniya kuchlariga NATO bilan birga Rossiyaning sharqiy chegarasida, katta ehtimol Estoniya va Litvada qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish imkonini beradi.
Shartnoma, shuningdek, mamlakatlarga birgalikda ko‘proq qurol sotib olish, yangi avlod qurollarini yaratish va ishlab chiqarishda yaqin hamkorlikka olib keladi, Ukrainaga harbiy yordam tufayli kamayib borayotgan arsenallar fonida davlatlar mudofaa sanoatini mustahkamlaydi.
Nashrning yozishicha, Britaniyadagi pakt mudofaa, razvedka ma’lumotlarini almashish, energiya va noqonuniy migratsiya masalalarini o‘z ichiga olgan Yevropa Ittifoqi bilan kengroq xavfsizlik va mudofaa kelishuviga birinchi qadam sifatida qaralmoqda.
Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya – Yevropaning eng yirik harbiy davlatlari – agar respublikachi Donald Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozonsa, AQSh alyansdagi rolini qisqartirishidan qo‘rqib, NATOda qanday qilib ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkinligini muhokama qilmoqda.
Britaniya Mudofaa vaziri Jon Hili NATOning Bryusseldagi sammitida so‘zlagan nutqida Germaniya bilan bo‘lajak kelishuvni Britaniya va Fransiya o‘rtasida 2010 yilda tuzilgan mudofaa va xavfsizlik bitimi bilan solishtirdi. Hili Germaniya bilan tuzilgan shartnoma Buyuk Britaniya tomonidan o‘shandan beri tuzilgan «eng muhim ikki tomonlama bitim» bo‘lishini tan oldi.
Hili shuningdek, Estoniyada joylashgan Britaniya qo‘shinlari yangi tayyorgarlikdan o‘tishini va yana harbiy harakatlarga tayyor bo‘lish uchun dron va zamonaviy texnologiyalarni olishini aytdi. Oktyabr oyi boshida Britaniya Mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilingan «Asgard» loyihasi doirasida dushmanni uzoqdan aniqlash imkonini beruvchi yangi dronlar, radiolar va radarlar taqdim etiladi.
Ushbu loyiha eng zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda Britaniya kuchlarining razvedka va jangovar imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.
Zulmat ichra qolgan Kuba
Kubada keng ko‘lamli blekaut ro‘y berdi. Orol uch kundirki elektr ta’minotisiz qolgan. Odamlar to‘polon ko‘tarmoqda. Orolga esa vayronkor to‘fon yaqinlashmoqda.
18 oktyabr kuni Kubada yirik issiqlik elektr stansiyasidagi avariyadan keyin elektr energiyasidan to‘liq uzilish sodir bo‘ldi. 10 millionga yaqin kishi elektrsiz qolgan.
Elektr energiyasi ta’minoti 19 oktyabr kuni qisman tiklangandi, ammo yakshanbaga o‘tar kechasi yana butunlay o‘chdi. Hududga «Oskar» to‘foni yaqinlashib kelayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Prognozlarga ko‘ra, shamol tezligi soatiga 140 kilometrga chiqadigan to‘fon Kuba sohillariga mahalliy vaqt bilan kecha yetib kelgan. U mamlakatning sharqiy hududlariga suv toshqini va ko‘chkilar olib kelgan.
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel rasmiylar «to‘fon muqarrarligini hisobga olgan holda odamlar va iqtisodiy resurslarni himoyalash uchun qattiq ish olib borayotgani»ni aytgan.
Elektr uzilishi energetik inqirozni kuchaytirgan — Kubada so‘nggi ikki haftada muntazam ravishda kuniga bir necha soatga elektr o‘chirilayotgandi. Bosh vazir Manuel Marrero Krus telemurojaatida uzilishlarga eskirgan infratuzilma, yonilg‘i yetishmasligi va energiya iste’moli ortib ketgani sababligini aytgan.
Rossiya kemalarini Qrimdan uzoqlashtirdi
Rossiyaning Qora dengiz floti Ukraina dronlari tufayli manzilini o‘zgartirdi: kemalarning muhim qismi Sevastopoldan boshqa manzilga ko‘chirildi.
Ukraina Qurolli Kuchlari dronlari hujumlari tufayli Rossiyaning Qora dengiz floti o‘z manzilini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Bu haqda rossiyalik senator Dmitriy Rogozin ma’lum qildi.
«Agar biz yana bir bor qurol tizimlariga va maxsus harbiy operatsiya davrida jangovar foydalanish usullariga kiritilgan o‘zgarishlarga qaytadigan bo‘lsak, unda Qora dengiz floti yaxshi misol bo‘la oladi. U bizning katta kemalarimiz dushman dron-katerlari uchun qulay nishonga aylangani tufayli manzilini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi», dedi Rogozin. U boshqa tafsilotlarni keltirmadi.
2023 yil oktyabr oyida The Wall Street Journal Rossiya Qora dengiz flotining katta qismi anneksiya qilingan Sevastopol portidan olib chiqib ketilgani haqida yozgan edi. Gazeta o‘z manbalariga tayandi va sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni keltirgan. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya «katta kemalarni, jumladan uchta hujumkor suvosti kemasi va ikkita fregatni» Sevastopoldan Rossiya va Qrimning boshqa portlariga ko‘chirgan, bu esa «yaxshiroq himoyani ta’minlaydi».
OSINT-tahlilchilar tomonidan e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh suratlari Rossiya Qora dengiz floti kemalarining muhim qismi Sevastopoldan Krasnodar o‘lkasidagi Novorossiysk portiga ko‘chirganini tasdiqladi.