Yana to‘rtta vazirlikning 160 xodimi tadbirkorlik qilayotgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston 16:02 / 21.10.2024 6312

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, agentlik tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Energetika vazirliklari hamda ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda 160 nafar boshqaruv xodimi 170 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan.

Jumladan:

  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 72 nafar xodimi 79 ta tadbirkorlik sub’yektida;
  • Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining 59 nafar xodimi 60 ta tadbirkorlik sub’yektida;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 22 nafar xodimi 23 ta tadbirkorlik sub’yektida;
  • Energetika vazirligining 7 nafar xodimi 8 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.

Ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga agentlik tomonidan taqdimnomalar kiritilgan, «tadbirkor» xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilgan. Hozirda qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.

Avvalroq Transport, Madaniyat hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 116 nafar boshqaruv xodimlari tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangandi.

  • «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasiga asosan, «davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari bo‘lishi mumkin emasligi» belgilangan.
  • «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.
Ko‘proq yangiliklar: