Yolg‘iz keksalarga va nogironlarga shahar jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi

O‘zbekiston 18:12 / 19.10.2024 1812

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklatishga, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilashga, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etishga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, umrbod ta’minlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi to‘g‘risidagi, shuningdek vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi ma’lumotlar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etilishi belgilanmoqda.

Qonunga ko‘ra, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarni vaqtincha ro‘yxatga olishda ham davlat boji undirilmaydi.

Bundan tashqari, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olingan uy-joyni ularning nomiga rasmiylashtirish uchun notarial harakatlarni amalga oshirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga homiylik qilish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: