KXDR Janubiy Koreyaga urush boshlash bilan tahdid qildi

Jahon 20:47 / 19.10.2024 6506

Pxenyan hududidan Janubiy Koreyaga tegishli razvedka uchuvchisiz uchish apparati qoldiqlari topildi, deb xabar beradi KXDR Mudofaa vazirligi. Idoraning ma’lum qilishicha, drondan propaganda varaqalarini tarqatishda foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Shimoliy Koreya kelgusida bunday holat urush e’lon qilinishi sifatida baholanishidan ogohlantirdi.

Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, uchuvchisiz uchish apparatining qoldiqlari 13 oktyabrda topilgan. KXDR hukumati ushbu voqeani mamlakat suverenitetini buzuvchi «dushmanona provokatsion harakat» deb atagan. Mazkur holatdan keyin KXDR Mudofaa vazirligi chegara atrofidagi havo hujumidan mudofaa kuzatuv postlarini kuchaytirishni buyurgan, Bosh shtab esa artilleriya bo‘linmalarini to‘liq jangovar shay holatga keltirgan.

Pxenyan, shuningdek, Seulni «harbiy vositalardan foydalangan holda qayta bosqinchilik» urinishlaridan ogohlantirgan. Harbiy idora bayonotida qayd etilishicha, shu kabi holatning yana takrorlanishi jiddiy harbiy provokatsiya va urush e’lon qilinishi sifatida baholanadi — bunga «zudlik bilan javob zarbalari» beriladi.

15 oktyabr kuni KXDR Janubiy Koreyaga olib boruvchi yo‘llarni portlatib yuborgandi, natijada harbiy demarkatsiya chizig‘idan shimolda joylashgan Kyongi va Tonhe yo‘llari shikastlangan. Janubiy Koreya tomonida shikastlanish va jabrlanganlar bilan bog‘liq holatlar yo‘q, ammo janubiy koreyalik harbiylar portlashlarga javoban 1950-1953 yillardagi urushdan keyin tinchlik kelishuvi imzolamagan va hamon sulh holatida bo‘lgan ikki mamlakatni ajratib turuvchi demarkatsiya chizig‘i tomon ogohlantiruvchi o‘q uzgan.

Ko‘proq yangiliklar: