“O‘zbekiston har doim islomning mo‘’tadil yo‘lini tutgan” – Turkiyaning Islom tafakkuri instituti direktori

O‘zbekiston 11:47 / 18.10.2024 1414

Toshkentda “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan xalqaro tashkilot rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar qatnashdi. Ulardan biri Turkiyaning Islom tafakkuri instituti direktori Mehmet Go‘kmez O‘zbekistonga bu muhim konferensiyani tashkil qilgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Movarounnahr sivilizatsiyasini davom ettirayotganini e’tirof etdi.

O‘zbekiston qadimiy tarix, juda boy sivilizatsiyaga ega davlat. Biz buni Movarounnahr sivilizatsiyasi deb ataymiz. Bu sivilizatsiyaning beshta asosiy xususiyati bor. Ulardan birinchisi haqiqiy universal ilm tasavvuriga ega bo‘lishdir. Ya’ni ham ijtimoiy ilmlar, ham tabiiy fanlar, ham islom bilimlarini birlashtirgan chuqur tafakkurga suyanishdir. O‘zbekiston zamini bu ilmlarni o‘z hayotiga tatbiq qilgan islom olamining eng buyuk muallimlarini tarbiyaladi”, – dedi u.

Mehmet Go‘kmez Movarounnahr sivilizatsiyaning ikkinchi muhim jihati sifatida kuchli metodologiya ishlab chiqqani ekanini qo‘shimcha qildi.

Ya’ni ilm xomashyo sifatida Movarounnahr zaminiga kelganida bu yurt allomalari unga tartib berdi. Uni muayyan qonun-qoidalarga aylantirib, ilmiy yo‘singa soldi va dunyoga taqdim etdi. Shuning uchun ushbu metodologiya jamoatchilik uchun juda ham muhim. Tasavvufning, ya’ni ma’rifat an’anasining Movarounnahrda tarqalishi, imom Moturidiy islom dunyosining asosiy aqidaviy yo‘lini shu yerda takomilga yetkazgani ham bu sivilizatsiyaning eng katta xususiyatlaridan biri hisoblanadi”, – dedi olim.

Go‘kmez 15 yil davomida Turkiya din ishlari boshqarmasida rahbar lavozimlarida ishlagani va shu davrda O‘zbekistonni yaxshi tanigani haqida gapirdi.

Men yurtingizda yaqin tarixda dunyoning ko‘plab joylarida kuzatilmaydigan katta islohotlar harakati boshlanganini ko‘ryapman. Bu islohotlar ikki tomonlama bo‘lishi muhimdir. Ba’zi mamlakatlarda ulkan iqtisodiy jonlanish bor, ammo ma’naviy jonlanish yetishmaydi. Ba’zi yurtlarda esa buning aksi. O‘zbekiston esa ikkalasini birlashtirmoqda. Ya’ni ham shaharsozlik, ham iqtisodiy rivojlanish va madaniyat jihatdan katta o‘sishga ega”, – dedi u.

Shuningdek, institut direktori “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiyani tinchlik va ezgulikka yo‘l ochadigan, amaliy natijalarga olib keladigan muhim loyiha deb atadi.

Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda, dunyoda tinchlik, yaxshilik, xayr-barakaga sabab bo‘ladi deb o‘ylayman. Yana bir narsani aytishim kerakki, terrorizm, radikalizm va ekstremizm kabilarning eng katta ildizi jaholat. Diniy va dunyoviy bilim qancha kam bo‘lsa, odamlar shu qadar bo‘linishga moyil bo‘ladi. Bugun dunyoda turli mojarolar, ko‘ngilni g‘amga soladigan holatlar bo‘lmoqda. Mana shunday sharoitda tinchlik va yaxshilik haqida gapirish muhimdir. Yana bir jihati ushbu zamin hech qachon tafriqaga berilmagan. Har doim islomning mo‘’tadil yo‘lini tutgan. Imom Abu Hanifa va Imom Moturidiyning yo‘li ana shu yo‘l edi. Bugungi tadbirda dunyo ulamolarining mazkur haqiqatni ta’kidlaganlari konferensiyaning muhim jihatlaridan biri bo‘ldi deb hisoblayman”, – dedi Mehmet Go‘kmez.

Ko‘proq yangiliklar: