Olimlar bioplastik okeanda qog‘ozdan ham tezroq parchalanishini aniqladi

Jahon 18:20 / 18.10.2024 1842

Izlanishlardan ma’lum bo‘lishicha, odamlar 100 yildan ortiq vaqt davomida ishlatib kelayotgan oddiy bioplastik dengizda parchalanish xususiyatiga ega. Olimlar bu jarayonni qanday tezlashtirish mumkinligini o‘rgandi.

Woods Hole okeanografiya instituti (WHOI) olimlari bioplastikaning yangi turini sinab ko‘rib, sellyuloza diatsetatining (CDA) yangi versiyasi dengiz suvida eng tez parchalanadigan bioplastik material ekaniga guvoh bo‘ldi.

Tsellyuloza diatsetati sellyulozadan olinadi; u o‘simliklarning hujayra devorlarida, ayniqsa paxta yoki yog‘och massasida uchraydigan tabiiy polimer hisoblanadi. Bunday plastik 1800 yillarning oxiridan beri mavjud bo‘lib, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak gardishlaridan tortib, sigaret filtrlari, fotoplyonkalar va kundalik hayotimizda millionlab boshqa narsalarda qo‘llanadi.

Olimlar “ko‘piklash” deb ataladigan oddiy modifikatsiya orqali g‘ovak holatga keltirilgan CDA qattiq CDA’ga nisbatan 15 barobar tezroq, hatto qog‘ozdan ham tezroq parchalanishini aniqladi. Ushbu natijalar yangi materialning an’anaviy plastik mahsulotlar, masalan, atrof-muhitda ko‘p yillar davomida saqlanib qoladigan penopolistirol o‘rnini bosishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Tadqiqot jarayonida olimlar uzluksiz oqib turuvchi dengiz suvi solingan idishda ko‘piksimon CDA va qattiq CDA’ning parchalanishini kuzatdi. WHOI laboratoriyasida harorat, yorug‘lik darajasi va boshqa parametrlar tabiiy dengiz muhitidek saqlab turildi. Bunday yondashuv parchalanish jarayonini kuzatish uchun yanada real sharoitlarni yaratish imkonini berdi.

Tajribaning 36 haftasi o‘tgach, tadqiqot guruhi ko‘pikli CDA dastlabki massasining 65-70 foizini yo‘qotganini aniqladi. Bu natija uning dengiz muhitida tez parchalanishini tasdiqlaydi. Turli xil naychalar taqqoslangan avvalgi tadqiqotda ko‘pikli CDA naychalari qattiq CDA naychalariga qaraganda 190 foiz tezroq parchalangan edi. Bu esa ularning qog‘oz naychalarga nisbatan afzalligini ko‘rsatadi.

Mazkur tadqiqot ko‘pikli CDA’ni ekologik toza material sifatida bir martalik plastik buyumlar va penoplast o‘rniga qo‘llash mumkinligini isbotlaydi. Bu usul okeanlar ifloslanishini sezilarli darajada kamaytirishi va kelajakda barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: