Ramzan Qodirov qonli qasos bilan tahdid qilgan deputatlar Davlat dumasi majlislariga kelmay qo‘ydi

Jahon 21:27 / 17.10.2024 6042

Rossiya Davlat dumasi deputatlari — Bekxan Baraxoyev va Rizvan Qurbonov Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov tomonidan e’lon qilingan qonli qasosdan keyin yalpi majlislarga bormaslikka qaror qildi. Ikkala parlamentariy ham quyi palataning 15 va 16 oktyabr kunlari o‘tkazilgan majlisi translatsiyasida ko‘rinish bermagan.

RF Davlat dumasi tizimiga ko‘ra, Qurbonov shu kunlari qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berish jarayonlarida ishtirok etmagan. Oxirgi marotaba u 11 sentabr kuni Telegram kanali orqali Ramzan Qodirovni o‘ldirish bo‘yicha buyurtmaga aloqador ekanini rad etib chiqqandi.

Qurbonovdan farqli o‘laroq Bekxan Baraxoyev ovoz berish jarayonlarida qatnashgan. Ammo jurnalistlarning aniqlashicha, buning uchun u o‘z kartochkasini hamkasblariga bergan va ular deputat o‘rniga ovoz bergan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat dumasining 16 oktyabrdagi majlisi vaqtida Baraxoyev Ingushetiyada bo‘lgan. U Malgobek shahri aholisi bilan uchrashuvda Qodirovga suiqasdni buyurtma qilmaganini aytgan.

Shuningdek, Ramzan Qodirov «qora ro‘yxatga» kiritgan dog‘istonlik senator Suleyman Kerimov ham qayerda ekani noma’lum. Boyligi 10,7 milliard dollarga yetadigan senator Checheniston yetakchisining aybloviga hech qanday izoh bermagan. Marine Traffic servisi ma’lumotlariga ko‘ra, Kerimovning Ice yaxtasi hozirda Turkiyaning Marmaris shahri yaqinida turibdi.

Avvalroq Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov dog‘istonlik senator Suleyman Kerimov va Rossiya Davlat dumasining ikki deputatiga qarshi rasman qonli qasos e’lon qilishga tayyorligini aytgandi. Qodirovga ko‘ra, ular Checheniston yetakchisiga suiqasdni buyurtma qilmoqchi bo‘lgan.

«Agar ular buning aksini isbotlab bermasa, men rasman Baraxoyev, Suleyman Kerimov va Rizvon Qurbonovga qonli qasos e’lon qilaman. Ular [Ramzan Qodirovni o‘ldirishga] buyurtma qilgani, buni qanchaga amalga oshirishi mumkinligini so‘ragani haqida guvohlar, odamlar bor», — degandi u.

Checheniston rahbarining tahdidiga javoban Dog‘iston rahbari Melikov Sulaymon Kerimov Dog‘iston xalqining qo‘llab-quvvatlashiga ishonishi mumkinligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: