Qozog‘iston milliy jamoasi bosh murabbiyi, rossiyalik Stanislav Cherchesov qozoq tilidagi hazil uchun 738 ming tenge (taxminan 19 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.
13 oktyabr kuni Qozog‘iston milliy jamoasi Sloveniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan Millatlar Ligasi o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida Cherchesovga qozoq tilida savol berildi. U savol bergan jurnalistning Fransiyaning PSJ klubi libosida ekanini ko‘rib, unga javoban: «Hozir fransuzcha gapiryapsizmi?», dedi.
Cherchesovning istehzoli gaplari ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida ko‘plab e’tiroz va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi holat yuzasidan Qozog‘iston futbol federatsiyasidan tushuntirish talab qildi.
Futbol federatsiyasi Cherchesov etika reglamentiga ko‘ra jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
«Cherchesovning hazillari, albatta, chegaradan oshib ketdi. U bilan shaxsan suhbatlashib, davlat tilining dolzarbligi va ustuvorligini tushuntirdim. U bilan suhbatlashdik, tushuntirish olib bordik», dedi federatsiya rahbari Adilet Barmenqulov.
61 yoshli Stanislav Cherchesov 2016 yildan 2021 yilgacha Rossiya milliy jamoasini boshqargan. Uning qo‘l ostida rossiyaliklar 2018 yili o‘z maydonida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida eng yaxshi natijalardan birini ko‘rsatdi – chorakfinalga qadar yetib borib, penaltilar seriyasida Xorvatiyaga yutqazdi.
2024 yil iyun oyida Cherchesov Qozog‘iston milliy jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi. Ilk matbuot anjumanlaridan birida unga qozoq tilida savol berildi, Cherchesov esa: «Men sizga osetin tilida javob bera olamanmi?», dedi. Bu holat ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Sloveniyaga qarshi o‘yindan keyingi mojaroga izoh berarkan, Qozog‘iston futbol federatsiyasi Cherchesovning yonini oldi va uning «qozoq tilini juda hurmat qilishi» va uni «faol o‘rganayotganini» tushuntirdi. Biroq keyinchalik, murabbiyning qozoq tili o‘qituvchisi hozircha faqat bitta dars bo‘lganini aytdi.