Eron BMTni Isroilning mintaqadagi tajovuzini to‘xtatishga chaqirdi

Jahon 09:04 / 17.10.2024 1602

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aragchi BMTni Isroil agressiyasini to‘xtatishga, G‘azo sektori va Livanga insonparvarlik yordami yetkazilishini ta’minlash uchun barcha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga chaqirdi.

IRNA Eron rasmiy axborot agentligi xabariga ko‘ra, Eron Tashqi ishlar vazirligi rahbari BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va fransiyalik hamkasbi Jan Noel Barro bilan telefon orqali mintaqadagi vaziyatni muhokama qilgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Guterrish bilan suhbatda BMTdan Isroil jinoyatlari va tajovuzini to‘xtatish, Livan va G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash uchun o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishni so‘radi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi, o‘z navbatida, Isroilning G‘azo sektori va Livanga uyushtirgan hujumlari ortidan mintaqada keskinlik kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi, shuningdek, urushni to‘xtatish uchun siyosiy yechim topishga qaratilgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida ma’lum qildi.

Aragchi va uning fransuz hamkasbi o‘rtasidagi suhbatda mintaqadagi so‘nggi voqealarga baho berildi.

Eron tashqi ishlar vaziri Livanga hujumlarni to‘xtatish muhimligini ta’kidlab, Isroilni mintaqada yangi harakatlardan tiyilish zarurligi haqida ogohlantirdi.

Ko‘proq yangiliklar: