NATO bosh kotibi: Alyans Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi

Jahon 11:17 / 16.10.2024 1542

NATO Rossiya tahdidlaridan qo‘rqmaydi va Rossiya bosqinidan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte 14 oktyabr, dushanba kuni Germaniyaning Visbaden shahridagi NATOning Ukraina uchun (NATO Security Assistance and Training for Ukraine - NSATU) missiyasi shtab-kvartirasiga ushbu lavozimdagi birinchi tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

«Bizning (Rossiya prezidenti Vladimir Putinga) xabarimiz shundan iboratki, biz u o‘z maqsadiga erishmasligi uchun davom etamiz, Ukraina g‘alaba qozonishi uchun zarur bo‘lgan ishni qilamiz», — dedi Ryutte Reuters agentligi va Germaniyaning Hessischer Rundfunk mediakompaniyasiga bergan intervyusida.

Reuters agentligining qayd etishicha, ko‘pchilik NATO bosh kotibining Ukrainani sobit qo‘llab-quvvatlashi haqidagi bayonotlarini Shimoliy Atlantika alyansini tanqid qilishi bilan tanilgan sobiq davlat rahbari Donald Trampning AQSh prezidenti lavozimiga saylanishi mumkinligi kontekstida baholamoqda.

Mark Ryutte Ukrainani qo‘llab-quvvatlash missiyasining Visbadendagi shtab-kvartirasiga tashrif buyurgan kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham u yerda bo‘lgan. U NATO bosh kotibi bilan yopiq eshiklar ortida muzokaralar olib bordi, deb yozadi HR o‘z veb-saytida.

NATO yadro qurolidan foydalanishni sinovdan o‘tkazish mashqlarini boshlayapti

14 oktyabr kuni NATOning alyansga a’zo mamlakatlarni himoya qilish bo‘yicha ikki haftalik yillik manyovrlari boshlandi, ular davomida yadro qurolidan foydalanish amaliyoti o‘tkaziladi. NATOning Bryusseldagi shtab-kvartirasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Steadfast Noon mashg‘ulotlarida Yevropaning sakkizta havo bazasida joylashgan 2000 ga yaqin askar ishtirok etadi. Havo manyovrlarida 60 dan ortiq samolyotlar, jumladan, AQShning Yevropada joylashgan yadro bombalarini olib yurishga qodir zamonaviy qiruvchi samolyotlar, uzoq masofali bombardimonchi samolyotlar, shuningdek, kuzatuv va yonilg‘i quyish samolyotlari ishtirok etadi.

Joriy yilda manyovrlar Belgiya va Niderlandiyadagi havo bazalarida, shuningdek, Shimoliy dengiz uzra – Buyuk Britaniya va Daniya havo kengliklarida bo‘lib o‘tadi. Harbiy mashg‘ulotlarda NATOga a’zo 13 davlat, jumladan Germaniya samolyotlari qatnashmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: