AQShning Vast Space kompaniyasi 2031 yilda Xalqaro kosmik stansiya (XKS) ekspluatatsiyadan chiqarilgandan so‘ng uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan Haven-2 orbital stansiyasi loyihasini taqdim etdi. Bu haqda SpaceNews xabar berdi.
NASA 2031 yilda XKSni orbitadan tushirishni rejalashtirmoqda. Shu sababli, bir necha yildan buyon NASA tomonidan moliyalashtirilgan xususiy kompaniyalar yangi tijorat kosmik stansiyasi loyihalarini ishlab chiqyapti.
Ular orasida Vast Space ham bor. NASA 2026 yilda moliyalashtirishni davom ettiradigan ikkita eng yaxshi loyihani tanlashi kerak. Shu bilan birga, Vast Space keyingi o‘n yillikning boshida to‘liq Haven-2 kosmik stansiyasini yaratish umidida boshqa investitsiyalarni ham jalb qilmoqda.
Hozircha Vast Space kompaniyasi 2025 yilda bir modulli Haven-1 kosmik stansiyasini Yerning past orbitasiga joylashtirishni rejalashtirmoqda. Unga qisqa muddatga NASA astronavtlari jo‘natilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu stansiya kelajakda qurilishi mo‘ljallangan yanada yirikroq Haven-2 orbital loyihasining dastlabki namunasi hisoblanadi.
Vast Space kompaniyasi 2028 yilda SpaceX firmasining Falcon Heavy tashuvchi raketasida Haven-2 stansiyasining birinchi modulini kosmosga yuborishni rejalashtirmoqda. Bu modul Haven-1 dan kattaroq va ulanish portlariga ega bo‘ladi.
So‘ngra 2029 va 2030 yillarda yana uchta modulni orbitaga chiqarish rejalashtirilgan. To‘rttala modulning barchasi bir xil bo‘ladi, lekin turli laboratoriya xonalari bilan jihozlanadi. Yig‘ilgan holatda ular birgalikda bitta chiziq hosil qilishi kerak.
XKS o‘rnini bosadigan yangi kosmik stansiyaning asosiy qismi 2030 yilda SpaceX kompaniyasining Starship raketasi yordamida orbitaga chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu modulda astronavtlarning ochiq kosmosga chiqishi uchun shlyuz o‘rnatiladi. Bundan tashqari, modul kosmik kemalarni ulashda yordam berish uchun robotlashtirilgan manipulyator bilan jihozlanadi.
Shundan so‘ng, Vast Space koinotga yana 4 ta modulni jo‘natmoqchi va shu tariqa Haven-2 stansiyasi 2032 yilda to‘liq yig‘iladi. Yangi modullardan biri Yer va koinotni kuzatish uchun panoramali gumbazga ega bo‘ladi, bu XKSdagi gumbazdan ancha katta bo‘lishi kutilmoqda.
Vast Space XKSning vorisini yaratish huquqi uchun Axiom Space, Blue Origin va Starlab Space bilan raqobatlashmoqda. Potensial ikki g‘olib 2026 yilda yangi kosmik avanpostni ishlab chiqish uchun NASA’dan 2 milliard dollar olishi mumkin.