Toshkent tumani viloyat aholisiga uy-joy qurish uchun asosiy baza bo‘lishi kerak, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chog‘idagi yig‘ilishda.
Toshkent tumani orqali Qozog‘istondan kuniga 44 ming odam, jumladan 2-2,5 ming xorijiy turistlar o‘tib qaytadi. Mutasaddilarga “Shifobaxsh suvlar” hududidan yana 5 ta sanatoriy qurish uchun joy topib, auksionga chiqarish, Shifobaxsh suvlar ko‘chasini kengaytirib, atrofida yirik savdo, sport va ko‘ngilochar markazlar, ko‘p qavatli uylar qurish bo‘yicha master reja ishlab chiqish topshirildi.
Poytaxtdagi korxonalarga viloyatdagi qurilishi to‘xtagan obektlarga ko‘chib o‘tishni taklif qilish muhimligi ta’kidlandi.
Ancha vaqtdan beri sotilmagan 70 ta obekt poytaxtdagi tadbirkorlarga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga beriladi. Sharti – ishchilarning 50 foizi kambag‘al oiladan bo‘lishi kerak.
Uch yilda tijorat obektlari poytaxtda 5,7 million kvadratga ko‘paygan bo‘lsa, Toshkent viloyatida 1,6 millionga oshdi. Viloyatda har yili 1 million kvadrat tijorat joyi tashkil qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yil yakunigacha 115 ta ko‘p qavatli uy, 39 kilometr suv va 29 kilometr gaz tarmog‘i qurilishini yakunlash vazifasi qo‘yildi.
Zangiota tumanidagi Ibrat va Ulug‘bek mahallalariga xizmat qilgan 2 ta oqova suv inshooti eskirgani, Bog‘zor va Nurobod mahallalaridagi ko‘p qavatli uylarda isitish va oqova tizimi muammoli ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga bu 4 ta mahallada suv, oqova va isitish tizimini yaxshilash loyihalarini tayyorlash topshirildi.