Shols: Umid qilamanki, barcha Bolqon davlatlari 2034 yilgacha YeIga kiradi

Jahon 13:36 / 15.10.2024 1792

Olaf Shols 2034 yilgacha Albaniya, Bosniya va Hersegovina, Kosovo, Shimoliy Makedoniya, Serbiya va Chernogoriya Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga umid qilmoqda. Germaniya kansleri 14 oktyabr, dushanba kuni Berlinda G‘arbiy Bolqon mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda: «O‘n yildan kamroq vaqt ichida bu olti davlat nihoyat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ladi», dedi.

Shuningdek, u G‘arbiy Bolqon mamlakatlari o‘rtasida umumiy bozor yaratish rejasi ishlab chiqilishini olqishladi. Shols mintaqadagi ko‘plab mamlakatlar bir-biridan ko‘ra Germaniya bilan ko‘proq savdo qilishini «biroz salbiy holat» deb atadi. Germaniya kansleri G‘arbiy Bolqon davlatlarini o‘zaro savdo cheklovlarini bosqichma-bosqich olib tashlashga chaqirdi.

U, ayniqsa, Kosovo hukumati ushbu reja doirasida Serbiya bilan chegara punktlaridan birini savdo uchun ochishini ta’kidladi. Germaniya kansleri Yevropa integratsiyasini davom ettirish maqsadida Belgrad va Prishtina o‘zaro kelishmovchiliklarni bartaraf etishi kerakligini ta’kidladi. Serbiya hukumati Kosovoning 2008 yilda e’lon qilingan mustaqilligini hanuzgacha tan olmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: