Litvada «Kuchli grifon» xalqaro mashqlari boshlandi

Jahon 09:00 / 15.10.2024 1169

14 oktyabr, dushanba kuni Litvaning Belarus bilan chegarasi yaqinida joylashgan Pabrade shahridagi general Silvestras Jukauskas nomidagi poligonda Jyemaytiya piyodalar brigadasi tomonidan tashkil etilgan «Kuchli grifon» (Brave Griffin-2024/2)xalqaro harbiy mashg‘ulotlari boshlandi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu mashg‘ulotlarga AQSh, Buyuk Britaniya va Polshadan 2,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar hamda 250 ta texnika jalb etiladi. Litva Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, har yili o‘tkaziladigan ushbu manyovrlardan maqsad Jyemaytiya brigadasi bo‘linmalarini ittifoqchi bo‘linmalar bilan hamkorlikda mudofaa operatsiyalarini rejalashtirish va o‘tkazishga o‘rgatishdir.

Press-relizda qayd etilganidek, 14 oktyabr kuni Klaypeda – Kazlu-Ruda yo‘nalishi bo‘ylab, 20 oktyabrda esa – Kazlu-Ruda – Pabrade yo‘nalishi bo‘ylab harbiy texnikaning intensiv harakatlanishi rejalashtirilgan. «Kuchli grifon» mashqlari ikki hafta, 31 oktyabrgacha davom etadi.

Mashqlar Rossiyaning 2022 yil fevralidan beri davom etayotgan Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy hujumi fonida o‘tkazilmoqda.

Germaniya maxsus kuchlari Boltiqbo‘yi infratuzilmasini qo‘riqlash uchun yuboriladi

Boltiqbo‘yi va Shimoliy dengizlarda suv osti infratuzilmasini himoya qilish uchun Germaniya maxsus kuchlarining GSG-9 dengiz operativ bo‘linmasi jalb etiladi, deya xabar beradi Germaniyaning ARD telekanali va Der Spiegel haftalik nashri 11 oktyabr kuni xavfsizlik xizmatidagi xabardor manbalarga tayanib. 

Jurnalistlarga ko‘ra, Boltiq dengizidagi Shlezvig-Golshteyn federal yerida joylashgan Noyshtadt shahriga maxsus kuchlarni joylashtirish qarorini shaxsan Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer qabul qilgan. «Ushbu joylashuv tufayli bo‘linma dengizlarda ham, Germaniya shimolida ham inqirozli vaziyatlarga tezroq javob bera oladi», deyiladi ARD bayonotida. Kanal manbalariga ko‘ra, xavfsizlik choralarining kuchayishi «Shimoliy oqim» portlashidan keyin yaqqol ko‘zga tashlanib qolgan dengizlardagi infratuzilmaga qarshi sabotaj xavfi bilan bog‘liq.

Germaniya muntazam ravishda «Rossiya josuslik kemalari» faoliyatini qayd etib boradi, ular «Shimoliy va Boltiq dengizlari tubidagi quvurlar va boshqa suv osti liniyalari xaritasini tuzadi», deya aniqlik kiritdi ARD.

Ko‘proq yangiliklar: