Eron bilan o‘yindagi g‘alaba bizga qo‘shimcha ochkolardan tashqari, keyingi o‘yinlar uchun yaxshigina ustunlik bergan bo‘lardi. Shu ma’nodaki, har qanday davraviy musobaqada jamoalar maqsadga yetish uchun qanchadir ochko olishni rejalashtiradi va o‘yinlarning og‘ir-yengilligiga qarab, ushbu ochkolarni taqsimlaydi. Masalan, ba’zi o‘yinlarda g‘alaba qozonish shart, chunki asosiy raqiblar ham o‘sha jamoaga qarshi o‘yinda yo‘qotishga uchramasligi mumkin, ba’zi o‘yinlarda esa, durang ham qoniqtiradi yoki mag‘lubiyat u qadar og‘riqli qabul qilinmasligi mumkin.
Shu jihatdan, Eron bilan Toshkentda durang o‘ynash qoniqarli natija bo‘lsa-da, o‘yinning ma’lum pallasida bir kishi ko‘p bo‘lib qolib, g‘alabaga imkoniyat paydo bo‘lgani biz uchun qo‘shimcha bonus yaratishi mumkin edi. Uch o‘yindan so‘ng 9 ochkoga ega bo‘lish rejadagidan ham ko‘proq, ya’ni biz ochko to‘plash rejimida oldinga chiqib olardik. Bu jamoamizni qo‘shimcha bosimdan xalos qilar, futbolchilarda har qanday o‘yinda xato qilish imkoniyatini taqdim etgan bo‘lar, qaysidir pallada kutilmagan ochkolarni yo‘qotish ham u qadar og‘riqli bo‘lib chiqmasdi.
Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. BAAga qarshi o‘yin Eronga nisbatan yengilroq tuyulsa-da, aynan bosim nuqtayi nazaridan og‘irroq. Chunki, BAAga qarshi yutqazishga haqqimiz yo‘q, durang ham Eron bilan bo‘lgani qadar yengil qabul qilinmasligi mumkin. Qoniqarsiz natija bizni ochko to‘plash rejimida orqada qoldiradi, xato qilish imkoniyatimizni kamaytirib, keyingi o‘yinlar oldidan keradigan ortiq bosimga duchor kelishi mumkin.
Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish uchun biz guruhdagi dastlabki ikki o‘rindan birini egallashimiz kerak. Soddaroq qilib aytganda, guruhda birinchi va ikkinchi o‘rin emas, ikkita birinchi o‘rin bor – ikkalasiyam jahon chempionatiga chiqadi.
Demak, mantiqli savol tug‘iladi, ikkinchi o‘rindan pastga tushib ketmasligimiz uchun necha ochko to‘plashimiz kerak?
Tabiiyki, bu savolga javob guruhdagi boshqa natijalarga ham bog‘liq. Lekin, bizning guruh uchun aniq necha ochko kerakligini bilmasak ham, umumiy olib qaraganda shu kabi guruhlarda ikkinchi o‘rin uchun eng kami necha ochko kerak bo‘lganinini avvalgi musobaqalarga qarab bilib olish mumkin.
Shu kungacha jahon futboli tarixida oltita jamoadan iborat hozirgi biz o‘ynayotgan format bilan bir xil guruhlar Osiyoda ikki marta, Yevropada 33 marta kuzatilgan.
Futbol tarixidagi barcha olti jamoalik guruhlardagi natijalar:
Jadvalga nazar solinsa, Osiyoda oltitalik guruh endi boshlandi, o‘tgan Jahon chempionati saralashida, biz yakuniy bosqichga chiqa olmagan musobaqada birinchi marta qo‘llandi. O‘shanda A guruhida Janubiy Koreya 23 ochko bilan, V guruhida Yaponiya 22 ochko bilan ikkinchi o‘rinlarni egallashgan. A guruhida BAA 12 ochko bilan, V guruhida Avstraliya 15 ochko bilan uchinchi o‘rinda qolib ketgan. Demak, to‘rt yil oldin shu bosqichda 22 ochko jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish uchun yetarli bo‘lgan.
Yevropada olti jamoadan iborat guruhlarga misollar ko‘proq. 1996 yilgi Yevro saralashidan tortib, 2024 yilgi Yevro saralashigacha uchratish mumkin olti jamoalik guruhlarni. Ularning natijalarini o‘rganib chiqib, 20 ochko olgan jamoa doim ikkinchi o‘rindan pastga tushib ketmaganiga guvoh bo‘lamiz. Bir marta 20 ochko olgan jamoa uchinchi o‘rinda qolib ketgan (Yevro 1996 saralash, 5 guruh), lekin o‘shanda ham uchinchi o‘rindagi Norvegiya va ikkinchi o‘rindagi Niderlandiya bir xil ochko to‘plashgan.
Tarixdagi natijalarga nazar tashlansa, olti jamoalik guruhda 16 ochko bilan ham ikkinchi o‘rinni egallasa bo‘ladi, 17, 18 va 19 ochko olib ikkinchi o‘rinni egallaganlar ham bor. Lekin Osiyo va Yevropani qo‘shib hisoblaganimiz ushbu 35 ta guruhning hech qaysida 20 ochko olgan jamoa ikkinchi o‘rindan pastda qolib ketmagan.
Albatta, ba’zi qo‘shimcha omillarni ham hisobga olish lozim bo‘ladi. Masalan, yuqorida tilga olingan guruhlarda asosiy kurash 1-2 o‘rinlar uchun bo‘lgan, ya’ni aksariyat jamoalar musobaqaning yarmida ortda qolib ketib, keyingi o‘yinlarga yondashuvni pasaytirib yuborgan holatlar ham yo‘q emas. Bizning guruhda esa, 3-4 o‘rinlar uchun ham kurash bo‘lishini e’tiborga olsak, deyarli har bir jamoada so‘nggi turlargacha 4-o‘ringa ilashish imkoniyati saqlanib qolishi mumkin.
Ikkinchidan, Yevropada misol keltirilgan guruhlar shunchaki qur’a yordamida yig‘ilgan, ya’ni har qanday jamoa joy olishi mumkin bo‘lganidan, San-Marino, Lyuksemburg kabi jamoalar ham bo‘lgani, bu esa, har bir peshqadam uchun qo‘shimcha 6 ochko berganini ham qayd etish lozim bo‘ladi. O‘zbekistonning hozirgi guruhi esa, uchinchi bosqich bo‘lib, avvalgi bosqichlardan saralanib kelingan, o‘ziga yarasha kuchli va qarshilik darajasi yuqori bo‘lgan jamoalardan iborat.
Mana shu ikki omilni ham qo‘shib, xulosa qilish mumkinki, bizning guruhda ochko olish biroz qiyinroq bo‘ladi va bu degani, yuqoridagi jadvaldagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan kamroq ochko ham 2-o‘rinni kafolatlashi mumkin.
Bizda hozirda 7 ochko bor. Bugun g‘alaba qozonsak, ochkolar soni 10 ta bo‘ladi va marraning yarmiga yetildi deb hisoblash mumkin. Marraning yarmiga jami o‘yinlarning yarmini o‘tkazmasdan (Qatar bilan o‘yinlar oldinda), ammo shu bilan birga, o‘z maydonimizdagi 5 o‘yinning yarmidan ko‘pini o‘tkazgan holda yetib kelgan bo‘lamiz.
Ochkolar soni 20 taga yetmaguncha bo‘shashish yo‘q!
Qahramon Aslanov