Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev «Qorabog‘ni tiklash, qayta qurish va rivojlantirish» — Rebuild Karabakh 4-Ozarboyjon xalqaro ko‘rgazmasi ishtirokchilarini qutladi, deb xabar beradi Anadolu agentligi.
Davlat rahbari o‘z murojaatida Bokuda o‘tkazilayotgan «Kaspiy qurilish haftaligi» qurilish va infratuzilma sohasidagi eng obro‘li tadbirlardan biriga aylanganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, turli davlatlar kompaniyalari mintaqaning bisnes imkoniyati bilan tanishish va hamkorlik uchun yangi yo‘llarni topish imkoniyatiga ega.
Prezident Aliyev ozod etilgan hududlarni tiklash va qayta qurish kontekstida Rebuild Karabakh ko‘rgazmasining muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi. Ozarboyjon prezidentiga ko‘ra, har yili ko‘rgazmada Qorabog‘ni qayta tiklashga yo‘naltirilgan turli loyihalar namoyish etiladi va tashabbuslar muhokama qilinadi.
Ilhom Aliyev davlat va xususiy sektorning birgalikdagi ishtiroki loyihalarni hamda biznes imkoniyatlarini amalga oshirishda yangi istiqbollarni ochishiga ishonch bildirdi. Davlat rahbari ko‘rgazma ishtirokchilarini uning yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishishga, hamkorlik uchun yangi g‘oyalarni almashishga taklif qildi.
Ozarboyjon prezidenti ko‘rgazmaning barcha ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilab, tadbir Qorabog‘ning foydali hamkorlik asosida tiklanishi va barqaror rivojlanishi uchun katta imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.