15 oktyabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 21:48 / 15.10.2024 5102

Toshkent viloyatida ishga tushirilgan loyihalar, yerni noqonuniy egallaganlarga jazolar, avtobus yo‘laklarida harakatlanishi ustidan kuchaytirilgan nazorat — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Prezident 2 mlrd dollarlik 9 ta loyihaga start berdi

Toshkent viloyatiga ishchi tashrif bilan borgan Shavkat Mirziyoyev 2 mlrd dollarlik 9 ta loyihaga start berdi. Marosim Yangiyo‘l tumanida bo‘lib o‘tdi.

Toshkent viloyatida ishga tushirilayotgan yirik loyihalardan biri – Olmaliq shahrida 1 milliard dollar investitsiya hisobidan 227 gektar maydonda quriladigan «Buyuk ipak yo‘li» maxsus sanoat texnoparkidir. U yerda elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi. 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Yuqori Chirchiq tumanida 69 gektar maydonda 350 mln dollar evaziga to‘qimachilik sanoat parki tashkil etiladi.

Yangiyo‘l tumanida yiliga 50 ming tonna mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar, Qibrayda yuqori sifatli eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash korxonalari ishga tushirildi.

Toshkent viloyati energetika sohasida 1,5 milliard dollarlik 800 megavattdan ortiq 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Yana ikkita loyiha – “China Energy Overseas Investment” kompaniyasi bilan hamkorlikda Parkent va Piskent tumanlarida quriladigan 220 million dollarlik, 200 megavattli energiya saqlash tizimlaridir. Ular kunning tig‘iz paytlarida uzilishga yo‘l qo‘ymaslik va iste’molchilarni elektr bilan ishonchli ta’minlash imkonini beradi.

Marosimda Ohangaron tumanida barpo etilgan 2,5 megavattli kichik GES hamda Bo‘stonliq tumanida qurilgan 1,5 megavattli Ugam kichik GES ishga tushirildi. Mazkur quvvatlar yiliga 18 mln 400 ming kilovatt soat «yashil» energiya ishlab chiqaradi va 7600 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Yerni noqonuniy egallash uchun belgilangan jazo

Joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi — yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalangani uchun 394 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra bunday huquqbuzarlik uchun fuqarolarga BHMning yigirma besh baravari (9 million 375 ming so‘m), mansabdor shaxslarga — ellik baravari (18 million 750 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish — fuqarolarga BHMning bir yuz ellik baravari (56 million 250 ming so‘m), mansabdor shaxslarga — uch yuz baravari (112 million 500 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 229-prim 1-moddasiga asosan, javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ushbu modda bilan 638 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Avtobus yo‘laklarida harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi

2 yil oldin hukumat qabul qilgan qarorga qo‘shimcha kiritilib, jamoat transporti uchun ajratilgan alohida yo‘l bo‘lagidan boshqa transport vositalari harakatlanishi taqiqlangan edi.

Endi o‘sha qarorga qo‘shimcha kiritildi. O‘zgarishga ko‘ra, yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan yo‘nalishli jamoat transport vositalaridan tashqari boshqa transport vositalarining harakatlanishini taqiqlashga qaratilgan 171-bob qo‘shildi.

Endi yo‘nalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yo‘ldan faqat yo‘nalishli jamoat transport vositalari harakatlanishi mumkin va boshqa transport vositalari ushbu yo‘lakda harakatlanishi taqiqlanadi. Bu qoida tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bunda transport vositasi mazkur yo‘lakda harakatlanib kelayotgan yo‘nalishli transport vositasi harakatiga to‘sqinlik qilmasligi va unga yo‘l bergandan so‘ng yondosh hududga kirish yoki chiqish harakatini amalga oshirishga ruxsat etilgan.

Aks holda, haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi bilan BHMning ikkidan bir qismi, ya’ni 187 500 so‘m miqdorida jarimaga tortiladi.

Agarda avtomobil o‘sha yo‘lakda to‘xtasa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-6 moddasi bilan BHM miqdorining 2 baravari – 750 ming so‘m miqdorida jarima jazosi beriladi.

Samarqandda jamoat transportini rivojlantirish loyihalari

O‘zbekiston elchisi Abdulaziz Oqqulov Birlashgan Arab Amirliklaridagi OneRoad Group kompaniyasi bosh ijrochi direktori Chenling Jang bilan muzokara o‘tkazdi

OneRoad Group kompaniyasi vakiliga Samarqand shahrida jamoat transportini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etish va qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida hamkorlik qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Chenling Jang O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilib, ularni qayta ishlagan holda reeksport qilish mumkinligi ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: