Yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi aerokosmik texnologiyalar orqali aniqlanadi

O‘zbekiston 20:30 / 14.10.2024 3048

«2024–2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2024–2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha samaradorlikni oshirish uchun quyidagilar davlat kosmik monitoringining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

- yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va bunday yer uchastkalarida bino va inshootlar qurilishi holatlarini aniqlash;

- o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash va ularning holatini monitoring qilish;

- geologiya sohasida yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash;

- mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlarini, yangi paydo bo‘lgan noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash;

- suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borishini, suv sathi rejimini monitoring qilish;

- qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish, ekinlarning turlari hamda suv iste’moli hajmlarini aniqlash.

2025 yil 1 martdan yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha masofaviy monitoring va risk-tahlil «Geomonitoring» axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: