Xitoy Tayvan yaqinida yirik mashg‘ulot boshladi: qo‘shinlar orol blokadasini mashq qilmoqda

Jahon 07:37 / 14.10.2024 8343

Joint Sword 2024B nomini olgan mashg‘ulotlar Tayvan prezidenti Lay Sindening orol Pekin tomonidan «anneksiya» qilinishiga qarshi chiqishiga va’da bergan muhim chiqishidan atigi to‘rt kun o‘tib boshlandi.

Xitoy Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi sifatida ko‘radi, ammo orol o‘zini alohida davlat deb hisoblaydi va o‘z hukumati hamda qurolli kuchlariga ega. Orol hukumati 1949 yilda fuqarolar urushi tugaganidan keyin materik Xitoydan mustaqilligini e’lon qilgan, ammo Tayvanni faqat Palau, Tuvalu va Beliz kabi o‘nga yaqin mamlakat suveren davlat sifatida tan olgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Nin «Tayvan mustaqilligi va Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik bo‘lishi bir-biriga mos kelmasligi» va Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlovchilarning «provokatsiya»lariga «muqarrar tarzda javob qaytarilishi»ni ta’kidlagan.

Joint Sword 2024B manyovrlari «dengiz va havo patrulining jangovar shayligiga, shuningdek, asosiy portlar va hududlar blokada qilinishiga qaratilgan», deb xabar bergan Xitoy qurolli kuchlari rasmiy vakili Li Si.

Xitoylik harbiylar ma’lum qilishicha, mashg‘ulotlar Tayvan atrofidagi to‘qqiz lokatsiyada o‘tkazilib, ularda kemalar va qiruvchi samolyotlar ishtirok etmoqda.

Tayvan mudofaa vazirligi orol atrofida xitoyliklarning 25 ta samolyoti, harbiy-dengiz kuchlarining yettita kemasi va yana to‘rtta kemani aniqlagani haqida xabar bergan. Idora Xitoy manyovrlarini «mantiqsiz va provokatsion xatti-harakatlar» deb atab, Tayvan himoyalanishga tayyorligidan ogohlantirgan.

Vazirlik Taybey boshqaruvidagi orolchalar , naxodyatsya v sostoyanii povyshennoy gotovnosti, zayavilo Minoborony Tayvanya.

«Samolyotlar va kemalar vaziyatga harbiy harakat olib borish qoidalariga muvofiq reaksiya ko‘rsatadi», — deyilgan vazirlik bayonotida.

Tayvan mudofaa vazirligi harbiylarning Xitoy mashg‘ulotlariga reaksiyasi aks etgan videoyozuvni ham e’lon qilgan. Unda havo hujumidan mudofaa tizimlarining uchirish qurilmalari, harbiy transport vositalari hamda harbiy-dengiz kemalari pozitsiyalarga chiqarilayotgani aks etgan.

Tayvan qiruvchi samolyoti Sinchjudagi aviabazaning uchish yo‘lagida. Foto: Getty Images

Tayvan transport vazirligi esa sohildagi harbiy mashg‘ulotlarga qaramay, oroldagi aeroportlar va dengiz portlari faoliyati odatdagidek davom etayotganini ma’lum qilgan.

Tayvan prezidenti Lay Sinde (shuningdek, Uilyam Lay nomi bilan tanilgan) Xitoy «Tayvan xalqining erkin va demokratik hayot tarzi tanlovini hurmat qilishi hamda harbiy provokatsiyalardan tiyilishi lozimligi»ni ta’kidlagan.

«Hukumatimiz demokratiya va erkinlikka asoslangan konstitutsiyaviy tizimimizni himoya qilishda davom etadi. Biz milliy xavfsizligimizni himoya qilishga qodirmiz», — degan u va Pekin Tayvanga vakillik qilish huquqiga ega emasligini ta’kidlagan.

Joriy yil mayida, Lay Sinde qasamyod qabul qilganida ham Xitoy mashg‘ulotlar o‘tkazib, uning doirasida orolni o‘z harbiy kemalari bilan chor atrofdan qurshab olgan va uning blokadasini mashq qilgandi. Bu mashg‘ulotlar Joint Sword 2024A nomini olgandi.

Tayvanning ittifoqchisi — AQSh hukumati mashg‘ulotlarni kuzatib borayotganini bildirib, Xitoyni mintaqadagi xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

«Biz XXRni vazminlik bilan harakat qilishga, Tayvan bo‘g‘ozi hamda umuman mintaqada tinchlik va barqarorlikka putur yetkazadigan har qanday keyingi qadamlardan qochishga chaqiramiz», — dedi AQSh Davlat departamenti vakili Mettyu Miller.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Nin bunga javoban Vashington «yagona Xitoy siyosati»ni — faqat bitta Xitoy hukumati borligi haqidagi diplomatik pozitsiyani hurmat qilishi lozimligini qayd etgan.

«AQSh Tayvanni qurollantirishni va Tayvan mustaqilligi tarafdori bo‘lgan kuchlarga noto‘g‘ri signallar yuborishni bas qilishi lozim», — degan Mao Nin.

Tahlil: Xitoy muskullarini ko‘rsatmoqda, ammo bosqin baribir oxirgi vosita bo‘lib qoladi
BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner sharhi:

Xitoy Xalq-ozodlik armiyasining bu harbiy mashg‘ulotlari faqat qo‘rquv uyg‘otishga qaratilgan.

Pekin avvaldan Tayvanni materikdagi qismi bilan «birlashtirish»ga, zarurat tug‘ilganda kuch ishlatishga va buni 2049 yil Xitoy Kommunistik partiyasi tashkil etilganining yuz yilligi nishonlanadigan kundan ancha oldinroq amalga oshirishga va’da berib keladi.

Idealda Pekin bu birorta o‘q uzilmasdan, Taybey uning boshqaruviga o‘z ixtiyori bilan o‘tishi orqali ro‘y berishini istaydi.

Ammo Tayvan aholisi yaqinda okeanning narigi tomonidagi Hongkongda demokratiya qattiqqo‘llik bilan bostirilganini qo‘rquv bilan kuzatdi, shunday ekan, kommunistik avtokratiya hokimiyati ostiga o‘tishga qarshi bo‘lmagan tayvanliklar soni yanada kamaygan.

Pekin Tayvanga strategik jihatdan mutlaqo ustunligini eslatadi.

Yaqinda Xitoy barcha sohalardagi harbiy qudratini oshirishga kirishdi: unda gipertovushli raketalar, aviatashuvchilar, yadroviy kallaklar hamda beshinchi avloddagi jangovar samolyotlar paydo bo‘ldi. Xitoy xalq-ozodlik armiyasining harbiy-dengiz floti ayni vaqtda dunyodagi eng yirigi hisoblanadi va o‘sishda davom etmoqda.

Shunga qaramay, Tayvanga keng ko‘lamli bostirib kirish Xitoy tomonidan oxirgi chora sifatida ko‘riladi.

Bu inson resurslari nuqtayi nazardan ham, jahon iqtisodiyotiga yetkaziladigan zarar jihatidan ham haddan tashqari qimmatga tushgan bo‘lardi.

Shuningdek, Pekin uchun katta mavhumlik omili bor: AQSh Tayvan himoyasi uchun qanchalik uzoq borishga tayyor?

Ko‘proq yangiliklar: