WP: YeI qurol yetkazib berish o‘rniga Ukraina HSKga sarmoya kiritmoqda

Jahon 11:38 / 14.10.2024 4458

Yevropa Ittifoqining Ukrainaga mudofaa sanoati uchun 440 million dollar yordam berish haqidagi yaqinda qabul qilgan qarori «blokning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga yondashuvida sezilarli o‘zgarishlarni ko‘rsatadi» va «Yevropa Ittifoqining mudofaa sektori qurol va o‘q-dorilarni ishlab chiqarishdagi kamchiliklarini ta’kidlaydi», deb yozadi The Washington Post (WP) 13 oktyabr, yakshanba kuni.

Jurnalistlar bilan suhbatda ismini oshkor etmagan yevropalik diplomat Yevropa «Ukrainaga kerak bo‘lgan qurollarni ishlab chiqarishga qodir emas» va defitsitni to‘ldirishning eng oson yo‘li «o‘zi qilish» ekanini aytdi. Bunday investitsiyalarning kengroq ma’nosi, shuningdek, «Ukrainaning g‘arbiy mudofaa sanoati ta’minot zanjirlariga bosqichma-bosqich integratsiyalashuvidir», dedi Germaniya Marshall jamg‘armasining Bryusseldagi vakolatxonasi rahbari Yan Lesser WP bilan suhbatda. Shu bilan birga, u Kiyevning mudofaa sanoatiga yo‘naltirilgan sarmoyalar «G‘arbda ishlab chiqarilgan yirik qurol-yarog‘larning o‘rnini bosmasligini» tan oldi.

Qayd etilishicha, Ukraina harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirish uchun pul Rossiyaning G‘arbdagi muzlatilgan aktivlaridan kelib tushadigan foydadan olinadi. Mablag‘ning yana bir qismini Daniya hukumati ajratadi.

Rossiya Ukrainadagi Patriot HHM tizimiga zarar yetkazdi

Xalqaro OAV 10 oktyabr kuni kechqurun Rossiya Dnipropetrovsk yaqinida Amerikaning Patriot HHM tizimi qurilmasini o‘qqa tutgani to‘g‘risida xabar berdi. 

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligi aloqa bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Yuriy Ignat o‘qqa tutish haqidagi ma’lumotni tasdiqladi, biroq havo hujumidan mudofaa majmuasi yo‘q qilinmaganini bildirdi. «Xo‘sh, 9 oktyabrda nima sodir bo‘ldi? Dushman faqat bir nechta jihozlarga zarar yetkazdi va ularni yo‘q qilmadi. Bu urushda nafaqat odamlar, balki texnika ham jarohat olyapti. Bundan tashqari, o‘sha Patriot bo‘linmasi mintaqadagi vazifalarni bajarishda davom etyapti», deb yozdi Ignat Facebookʼdagi sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni Patriot ZRK Rossiya ballistik raketalari guruhiga qarshi havo jangida qatnashgan va ularning bir qismini tutib olishga muvaffaq bo‘lgan. «Patriot tizimi dushman uchun eng muhim maqsadlardan biridir», deb qo‘shimcha qildi Ignat.

Avvalroq, xuddi shu kuni, 10 oktyabrda Oliy rada deputati Maryana Bezuglaya Telegramʼda Rossiyaning Dnipropetrovsk yaqinida Patriot tizimiga hujumi haqida yozgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: