«Tolibon» O‘zbekistondan «Termiz» chegara bozorida musiqa qo‘ymaslikni so‘radi – OAV

Jahon 19:31 / 14.10.2024 21886

Afg‘onistonning «Tolibon» hukumati vakillari O‘zbekistondan «Termiz» chegara bozorida konsert va musiqa dasturlarini bekor qilishni so‘radi. Aks holda Afg‘oniston fuqarolari umumiy bozorga kiritilmaydi, deb xabar berdi Atlas Press.

«Termiz» chegara bozori yaqinda O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida ochilgan edi va Afg‘oniston fuqarolari unga 15 kungacha vizasiz kirishi mumkin.

Nashr manbalariga ko‘ra, toliblar bu bozorda konsert va musiqa dasturlari o‘tkazishga qarshi ekanligini, O‘zbekiston hukumatidan bunday dasturlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan. Qayd qilinishicha, avval bozorga kelganlar uchun musiqa dasturlari uyushtirilgan, o‘zbek san’atkorlari konsert bergan.

«Tolibon» bozordagi konsertlarni taqiqlashni talab etgan va musiqa dasturlari davom etsa, Afg‘oniston fuqarolarini bozorga kiritmasligi haqida ogohlantirgan.

Ta’kidlanishicha, «Tolibon» va O‘zbekiston vakillari bu borada rasman hech qanday ma’lumot bermagan. O‘zbekiston «Tolibon»ning bu talabini bajarishi yoki yo‘qligi ham noma’lum.

Nashrning qayd qilishicha, «Tolibon» o‘zining ziddiyatli qonunini Afg‘onistondan tashqarida ham amalga oshirishga intilayotgan ko‘rinadi. Yangi e’lon qilingan ushbu qonun musiqa chalish va tinglashni taqiqlashdan tashqari, afg‘on fuqarolari, ayniqsa ayollar uchun boshqa jiddiy cheklovlarni ham qo‘yadi.

Ko‘proq yangiliklar: