Rossiya koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ommaviy ravishda Ukrainaga qarshi urushga yuborilish uchun shartnomalar imzolashga majburlanmoqda. Bu haqda «Nastoyashcheye vremya»ga Rossiya koloniyalarining birida hibsda saqlanayotgan tojikistonlik Jovid ismli mahkum ma’lum qildi.
Uning aytishicha, o‘zi bilan Moskva yaqinidagi qattiq tartibli koloniyada jazo o‘tayotgan Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari mushkul vaziyatda qolgan. Chunki ular urushga borishni xohlamayapti, ammo koloniyada yaratilgan sharoitda ham uzoq yashab bo‘lmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim mahkumlar fuqarolikdan bosh tortish va Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashdan ko‘ra o‘z joniga qasd qilishni ma’qul ko‘rmoqda. Jovidning tushuntirishicha, xorijlik mahkumlar o‘z mamlakatlari fuqaroligidan voz kechib, RF fuqaroligini olishga — bir vaqtning o‘zida shartnoma imzolashga majbur qilinmoqda.
«Imzolamasang — jazo izolyatoriga joylashtirishadi. Fuqarolikni rad etish haqidagi arizani imzolasang, uni Tojikistonga yuborishadi. Keyin esa kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib, urushga yuborishadi. Bilmayman, balki ular bizning nomimizdan imzo qo‘yar. Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin», — deydi u.
Jovid saqlanayotgan koloniyadagi bir guruh muhojir mahbuslar tahririyatga maktub yo‘llab, u yerda Tojikiston va O‘zbekiston fuqaroligiga ega 400 ga yaqin mahkum saqlanayotgani haqida yozgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, mahkumlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘linib, diniy qarashlari tufayli tahqirlanmoqda. Koloniya xodimlari, shuningdek, qolgan mahkumlarni jazo muddatini o‘tayotgan migrantlarni kaltaklashga chaqirmoqda, deyiladi maktubda.
«O‘tgan kuni ro‘yxat tuzishdi, fuqaroligiga qarab o‘tirmasdan urushga yuborishlari bilan tahdid qilishdi. Ehtimol, barcha qiynoqlar mazkur rejalarga bog‘liqdir. Ular odamlarni nazoratchilarning tahqirlashlariga chidagandan ko‘ra, urushda o‘lishni ma’qul ko‘radigan darajaga yetkazmoqchi. Ularning aytishicha, kimni xohlashsa, o‘shani urushga yuborishadi. Urushga o‘z tashabbusi bilan borish taklif qilinmoqda: bu holatda yaxshiroq joyga tushish mumkin ekan. Agar majburan yuborishsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri omon qolish imkoniyati bo‘lmagan frontga jo‘natishadi», — deyiladi maktubda.
Rossiyadagi migrantlar Ukrainadagi urushga yuborilayotgani haqida 2023 yildayoq xabarlar tarqalgan edi. Mamlakat huquq-tartibot idoralari mehnat migrantlari ishlayotgan korxonalarda muntazam reydlar o‘tkazmoqda. Ularga harbiy xizmatga chaqiriq qog‘ozi topshirilmoqda yoki harbiy komissariatlarga olib ketilmoqda. Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan migrantlarga Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashsa, tezlashtirilgan tartibda mamlakat pasportini berish va’da qilinmoqda.