Roskomnadzor Bosh prokuraturaning suddan tashqari qarori orqali servislarni yashirin ravishda sekinlashtirish to‘g‘risida buyruq tayyorladi. Forbes 12 oktyabr, shanba kuni tegishli hujjatga e’tibor qaratdi.
Idora, agar buyruq qabul qilinsa, Bosh prokuraturaning suddan tashqari qarori orqali resurslar ishini cheklashi mumkin bo‘ladi. Roskomnadzor buni avval ham amalga oshirgan — operator tarmoqlarida o‘rnatilgan texnik tahdidlarga qarshi choralar (TTQCh) yordamida. Endilikda idora buning qonuniy asosini oladi.
Forbes suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, Roskomnadzor o‘zi xohlagan hamma narsani samarali tarzda bloklashi va sekinlashuvlar haqida xabar berishni to‘xtatishi mumkin. 2019 yilda suveren internet to‘g‘risida deb ataluvchi qonun qabul qilingandan keyin barcha aloqa operatorlarida TTQCh o‘rnatildi.
Rossiyada operatorlardan YouTube'ni «tezlashtirishni» to‘xtatish talab qilindi
Internetning Rossiya segmentidagi aloqa operatorlari YouTube video-platformasi sekinlashuvini bartaraf etadigan yechimlarni amalga oshirishni to‘xtatishlari kerak edi. Tegishli mazmundagi axborot byulleteni Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni nazorat qilish federal xizmatining (Roskomnadzor) asosiy radiochastota markazi tomonidan yuborilgan. Ushbu hujjat nusxasi SOTAvision (SOTA) nashrining Telegram-kanalida 28 avgust kuni joylashtirildi.
Operatorlar «internet-trafikni buzish, parchalash va almashtirish texnologiyalaridan» voz kechishga chaqirilgan.
Markaz 2 sentabrgacha xatda ko‘rsatilgan elektron manzilga «ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot» yuborilishini buyurgandi.