Qozog‘istonda Telegram messenjerining ofisi ochiladi. Bu haqda Qozog‘iston raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev AQSh Savdo-sanoat palatasi va Amerikaning yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Madiyev o‘z idorasi noqonuniy kontentni zudlik bilan o‘chirish va buzg‘unchi kanallarni bloklash uchun Telegram bilan faol hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.
«Bizning qonunchiligimizga muvofiq, Telegram, WhatsApp va TikTok kabi internet platformalar endi Qozog‘istonda o‘z vakiliga ega bo‘lishi shart. Telegram bilan allaqachon ularning vakilini tayinlash va ofis ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan», dedi vazir. Uning qo‘shimcha qilishicha, messenjer bilan kelishuv — kontent ustidan nazoratni kuchaytirish uchun muhim qadam.
Telegram o‘z foydalanuvchilari haqidagi ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaydigan eng xavfsiz messenjerlardan biri deb hisoblangan. Sentyabr oyida uning asoschisi Pavel Durov Telegram tegishli organlarning asosli so‘rovlariga ko‘ra foydalanuvchilarning IP manzillari va telefon raqamlarini oshkor qilishini aytgan edi.
O‘tgan yozda Durov Markaziy Osiyo mamlakatlari – Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda bo‘ldi. Qozog‘iston poytaxtiga safari chog‘ida Ostona xalqaro moliya markazi regulyatori Toncoin kriptovalutasi bilan savdo qilishni ma’qulladi. O‘zbekistonga safari haqida batafsil ma’lumot berilmadi.