OAV: Bayden 18 oktyabr kuni Berlinga keladi

Jahon 11:40 / 14.10.2024 1548

AQSh prezidenti Jo Bayden 18 oktyabr, juma kuni Berlinga keladi. Bu haqda 13 oktyabr kuni Germaniyaning Bild nashri va Reuters axborot agentligi Germaniya hukumatidagi manbalarga tayanib xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, tashrifni rejalashtirish allaqachon yuqori saviyada olib borilmoqda.

Dastlab Amerika prezidenti 10-12 oktyabr kunlari Germaniyaga kelmoqchi edi. Uning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha G‘arb davlatlari koalitsiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Germaniya g‘arbidagi Ramshtayn aviabazasiga ham tashrif buyurishi rejalashtirilgan edi. Biroq, Bayden AQShga yopirilgan kuchli «Milton» to‘foni tufayli Germaniyaga tashrifini qoldirdi. Shu sababli «Ramshtayn» formatidagi uchrashuv ham noma’lum muddatga qoldirildi.

Endi Jo Baydenning tashrifi dasturi qisqartiriladi, deb yozadi Bild va Reuters. Amerika yetakchisi Berlinda federal prezident Frank-Valter Shtaynmayyer va kansler Olaf Shols bilan uchrashadi. Bundan tashqari, OAV xabarlariga ko‘ra, Bayden Shtaynmayyerdan «Germaniya Federativ Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» ordeni, Germaniyaning oliy mukofoti — Katta Xochni Amerika-Germaniya do‘stligidagi xizmatlari uchun oladi.

Bild qayd etishicha, Jo Baydenning Germaniyaga tashrifi «xayrlashuv» bo‘ladi – uning Oq uydagi faoliyati yanvarda tugaydi.

Mers Bayden kelmagani sababli «Ramshtayn» bekor qilinganiga qarshi

Xristian-demokratik ittifoq raisi va muxolifatdagi XDI/XSI blokidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers Ukrainaga «Ramshtayn» formatida harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha G‘arb davlatlari koalitsiyasining yig‘ilishi to‘satdan bekor qilinganini tanqid ostiga oldi. Bu AQSh prezidenti Jo Baydenning Germaniyaga tashrifi yuz bermaganidan keyin sodir bo‘lgandi. «Men ushbu konferensiyani saqlab qolishga harakat qilgan bo‘lardim», dedi Mers 13 oktyabr kuni Karen Miosganing ARD telekanalidagi siyosiy tok-shousida.

Javoblar davomida Fridrix Mers «Nima uchun yevropaliklar o‘zlarini ulardan past tutadilar?» degan savol berdi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Donald Trampning AQSh prezidenti etib qayta saylanishi mumkinligini nazarda tutgan Germaniya kanslerligiga nomzod, shuningdek, yevropaliklar AQShdan mustaqil bo‘lishlari kerakligini ta’kidladi: «Bu endi biz o‘rganib qolgan kuchli tartibga soluvchi kuch emas», — dedi Mers.

12 oktyabr kuni Amerikaning Reynland-Pfals federal yeridagi aviabazasida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan 50 ga yaqin davlatdan iborat «Ramshtayn» formatidagi Aloqa guruhi sammitida birinchi marta 20 ga yaqin davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilayotgan edi. Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi uchrashuv, ehtimol, yana mudofaa vazirlari darajasida bo‘lib o‘tadi, deya ta’kidlaydi dpa agentligi. Germaniya Mudofaa vazirligi «bu oktyabr oyida bo‘lishiga umid qilmoqda».

Ko‘proq yangiliklar: