"Go‘zallik ulashish" niqobidagi cho‘ntakni shilish shirkati – “Novza”dagi kosmetologiya markazi kirdikorlari haqida

Jamiyat 20:46 / 14.10.2024 29908

Toshkentning "Novza" metro bekati yaqinida noodatiy marketing uslubini qo‘llayotgan kosmetologiya klinikasi mavjud. U yerda mijozlarni aldash va manipulyatsiya qilish orqali oddiy xizmatlar bir necha o‘n karra qimmat narxlarda sotib olishga majburlanadi. Kosmetologiya va trixologiya yo‘nalishidagi muolajalar taklif qiladigan bu klinikaning mijozlari ularni aldashga urinishgani haqida gapirib berishdi.

Mijoz sifatida klinikada bo‘lgan jurnalist Feruza Najmiddinova instagram sahifasida o‘zi bilan bog‘liq shunday holat yuz bergani, kredit evaziga muolajalar taklif qilishganini aytdi.

“Bir yil oldin qayta-qayta kosmetologiya markaziga taklif qilishgandi: bepul vaucher yutib oldingiz deb. Yaqinda yana qo‘ng‘iroq qilishganda mayli deb bordim. Xullas, sertifikatga ega bo‘lganim uchun chegirmali narxda 40 mln turadigan muolajalarni 12 mlnga qilib beramiz deyishdi. Turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashishimni aytdim. Ular hozir qo‘ng‘iroq qilishimni so‘rashdi. Bu telefonda maslahat qilinadigan summa emasligini aytdim.

Shu markazga borgan o‘rtog‘im puli yo‘qligini aytsa, “shartta kredit oling, hozir istalgan bank 5 daqiqada kredit beradi. O‘zim o‘rgataman” deyishgan. Bu dahshat. 40 mlnni 12 mln deb, kamiga kreditga tiqib qo‘yishyapti”, degan Najmiddinova.

Video ostidagi izohlardan shunday holatga tushganlar ko‘p ekanligini bilish mumkin. Ko‘pchilik bu kosmetologiya klinikasining qo‘shtirnoq ichidagi “faoliyati”idan xabardorligini, lekin ularga nega chora ko‘rilmayotganligidan noroziligini bildirib izoh qoldirishgan.

Menam borganman, xuddi shunaqa kinnalashgan edi. Hozir yonimda bunaqa pul yo‘q desam, uyingizga mashinada o‘zimiz olib boramiz, siz uydan pul olib chiqib berasiz, bizning vakil siz bilan shartnoma qilib keladi deb yopishvoldi. O‘zim bog‘lanaman sizga deb zo‘rg‘a qutuldim”.

Men sochimni tekshirtirishga borganman. Yaqinda kal bo‘lasan deb qo‘rqitishdi, 18 millionlik kursni 9 millionga qilamiz deyishdi. O‘ylab ko‘raman deb chiqdim. Lekin haligacha kal bo‘lganim yo‘q. Ular odamlarni rosa qo‘rqitishadi. Yuzini tekshirsa qariyapsan deb, sochini tekshirsa kal bo‘lyapsan deb”.

Men ham turmush o‘rtog‘im bilan o‘sha klinikaga borganman. Juda chiroyli muomala bilan xuddi gipnoz qilganday 7 million to‘lashimizga erishishgan. Ular taqdim qilgan mahsulotlar (krem, gel) shunaqa narx turishini aytgan.

To‘lov amalga oshirganimizdan so‘ng, qo‘limizga (ichidagi kremlar bilan) paket ushlatib shoshilinch tarzda kuzatib qo‘yishgan. Uyga borib, o‘sha kremlarni internetdan qaraganimizda, arzimagan pul turishini bildik. Shunda o‘sha klinika haqida yandex, google va boshqa xizmatlar orqali ma’lumot qidirganimizda ular haqida juda ko‘pchilik ularning qallob (moshennik) va ular anchadan beri ko‘pchilikni aldab kelishlari haqida o‘qidik. Ertasi kuni klinikaga qayta borib, ular bizga yolg‘on gapirishganini va kremlarini qaytarib olib, pulimizni qaytib berishlarini so‘raganimizda, bir kun oldin juda chiroyli muomalada bo‘lgan ayollar biz bilan urishgisi kelib, juda xunuk muomala qilishgan va pulimizni qaytarib bermasliklarini aytishgan. Men esa o‘z huquqlarimni bilganim uchun ularning huquqshunoslari (ularning tanishtirishi bo‘yicha) bilan gaplashib, pulimni qaytib olishga erishdim.

Hayronman, nega haligacha ularni javobgarlikka tortishmagan…”

 

 

Shu klinikada bir muddat ishlagan sobiq xodim Kun.uz’ga u yerdagi faoliyati haqida aytib berdi. Unga ko‘ra, klinika xodimlaridan kelgan mijozlarni manipulyatsiya qilish, ko‘proq xizmatlarni sotib olishga undash, yolg‘on uydirmalar bilan tashqi ko‘rinishlaridan xavotirga solish, qo‘rqitish talab qilinadi. Chunki har bir sotilgan muolaja paketidan ularga bonus ajratiladi.

Sobiq xodimning aytishicha, ishga kirayotganlarga mijozlar bilan ishlash bo‘yicha dars o‘tiladi. Xodimlarga yaxshi kosmetologik xizmat ko‘rsatish emas, balki muolajalarni sotib olish uchun ruhiy bosim o‘tkazish buyuriladi.

Hammaga bitta hikoya bor – hamma mijozga shu bitta hikoya aylantirib aytib beriladi. Bir mijoz keldi, uning eri boy ekan, lekin erini “lyubovnitsasi” bor ekan. Chunki ayoli o‘ziga qaramas ekan. O‘z ayoliga bitta kurs muolajalar sotib olib bermadi, lekin unga olib berdi, deyiladi. Bundan maqsad agar siz ham o‘zingizga qaramasangiz eringiz boshqa ayollarga ilakishib qoladi, degan ma’noda aytiladi.

Shundan keyin mijozga muolajalar taklif qilinadi. O‘zi narxi bundan ham qimmat edi, hozir 15 mln so‘m turadi, istasangiz bundan arzonroq qilib beramiz sizga deb. Xorijdan kelgan kosmetolog vrachlar muolaja qiladi deyiladi. Lekin aslida ular hech qanday chet ellik emas. Mijozni aldab muolaja sotish uchun shunday deyiladi. Mijoz xarid qilsa-qilmasa vrach kirib yana o‘sha taklif bilan aldab ko‘radi. Alday olsa olib qoladi, alday olmasa mijoz chiqib ketadi.

U yerda ishlashning ham, davolanishning ham keragi yo‘q. Chunki hammaning yuzida har xil muammo, lekin bir xil davolash usuli taklif qilinadi. Odamning ko‘rinishiga qarab narx aytishadi, ko‘tara oladigan bo‘lsa qimmatroq, yo‘qsa arzonroq”.

Kosmetologiya klinikasining qaramog‘iga faqat ayollar tushadi desangiz adashasiz. Bu yerda trixologiya yo‘nalishida ham xizmat ko‘rsatilgani sabab erkaklar ham o‘lja bo‘ladi.

Tekin konsultatsiya yutib oldingiz deb qayta-qayta telefon qilib bezor qilishdi. Borsam, boshimga apparatini qo‘yib tekshirishdi-da “Sizda “Erta alopetsiya” degan kasallik, ya’ni sochlarni tanga-tanga bo‘lib to‘kilib ketishi boshlangan. Shuning oldini olish kerak bo‘ladi”, deyishgan. Lekin men bilardimki, bu kasallik sochga emas, jigarga bog‘liq. Xullas muolaja narxini 30 yoki 40 mln, chegirmada sizga 17 mln bo‘ladi degan”.

Eshitganlarimizga aniqlik kiritish uchun o‘zimiz manzilda bo‘ldik. Chindan ham 40 mlnlik muolajani 16 mlnga olish mumkinligi, ammo buni hoziroq hal qilish kerakligini, eshikdan chiqqan zahotimiz bu aksiya o‘z kuchini yo‘qotishini aytishdi.

Albatta bunday xizmatlardan foydalanish yoki foydalanmaslik har kimning shaxsiy ishi. Ammo mijozlarni manipulyatsiya qilish, kredit olishga undash, o‘zlari uchun zarur bo‘lmagan muolajalarni olishga jalb qilish firibgarlik hisoblanadi.

“Yotib qolguncha – otib qol” qabilida ish tutuvchi klinikada eng so‘nggi umid mijozdan olinadigan telefon raqamlarida. Agar siz hech qanday xizmatni sotib olmagan taqdiringizda ham 10 tadan 30 tagacha tanish-bilishlaringizning telefon raqamlarini berishingiz kerak. Sizdan keyin ularga qo‘ng‘iroq qilinadi va shu ssenariy takrorlanadi.

Bunday holatlar boshqa davlatlarda ham uchrab turadi va allaqachon qalloblikning bir ko‘rinishi ekanligi aniqlangan.

Xo‘sh, masalaning huquqiy jihati nimada?

Huquqiy jihatdan olib qaralsa, klinika mijozlarni shaxsga doir ma’lumotni tarqatishga majburlayapti. Bu esa qonunchilikka ko‘ra jazoga sabab bo‘ladi.

Klinika reklamalarida taniqli shou-biznes vakillari ishtirok etgan va bu xizmatlarni targ‘ib qilgan. Aholi ishonchini qozonish uchun bu muhim ahamiyatga ega. Reklama qonunchiligiga ko‘ra bu noto‘g‘ri reklama hisoblanadi.

Shuningdek, mijozlarga albatta shaxsni tasdiqlovchi hujjat, ya’ni pasport bilan kelish talabi qo‘yiladi. Tabiiyki, birorta go‘zallik salonida bunday talab yo‘q. Kosmetolog huzurida pasportning nega kerak ekanligi esa kredit rasmiylashtirish jarayonida sizga ma’lum bo‘ladi.

Xullas, agar sizda huquqiy savodxonlik va yuqoridagi holatlarni tahlil qilish immuniteti bo‘lmasa kimlarningdir biznes obektiga aylanib qolishingiz hech gap emas.

Gulmira Toshniyozova

Ko‘proq yangiliklar: