Toshkentning Taras Shevchenko ko‘chasida anchadan beri qurilish ishlari olib borilayotgandi. Ilk gastronomik alleyaning bir qismida ta’mirlash ishlari yakunlanib, aholiga foydalanishga topshirildi.
Mirobod tumani hokimligining ma’lumot berishicha, gastronomik ko‘cha bo‘ylab foto-zonalar va yashil hududlar barpo etilgan, 39 ta kichik va 17 ta katta torsherlar o‘rnatilgan, 1 ta avtobus bekati qurilgan, 39 ta videokuzatuv kameralari va yuzni tanish tizimlari, 20 ta o‘rindiq va axlat qutilari o‘rnatilgan hamda Wi-Fi tarqatish tizimlari montaj qilingan.
Shuningdek, odamlarga qulaylik yaratish maqsadida qariyb 3 ming kv.m uzunlikda piyodalar yo‘li barpo etilgan, qatnov yo‘lining asosiy qismi (2600 kv.m) esa tabiiy granit toshdan terilgan.
Qolaversa, ko‘cha bo‘ylab turli maishiy xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalar tashkil qilingan. Ular qatorida aholi orasida juda mashhur yemakxonalar hamda kiyim-kechak do‘konlari ham bor.
Hokimiyat loyihaning ikkinchi bosqich ishlari boshlanish arafasida ekanini ma’lum qilgan. Bunda yashil zonalar ko‘lamini kengaytirish, landshaftli dizaynlar yaratish, terassalar qurish, zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatish kabi ishlar amalga oshirilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, gastronomik alleyada joylashgan tadbirkorlik sub’yektlari 24 soatlik ish rejimida faoliyat yuritadi va yo‘lning o‘zi kechki soat 20:00 dan tonggi 06:00 gacha avtomobillar uchun yopiladi va piyodalar hududiga aylanadi.
Tuman hokimligiga ko‘ra, Taras Shevchenko ko‘chasida gastronomik alleyani barpo etish bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlanganidan so‘ng, ushbu manzilda transport qatnovi yuqorida ko‘rsatilgan vaqtlarda qayta yo‘lga qo‘yiladi.
Rasmlar muallifi Mumtozbegim