Rossiya askarlari Kursk oblastida taslim bo‘lgan to‘qqiz nafar ukrainalik askarni otib tashladi. Bu haqda Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi 13 oktyabr, yakshanba kuni UQK quruqlikdagi qo‘shinlari 1-alohida tank brigadasidagi manbalariga tayanib, o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 10 oktyabr kuni Zeleniy Shlyax poselkasi yaqinida sodir bo‘lgan.
Ukraina Qurolli kuchlarining dron operatorlari bo‘lgan askarlari «nisbatan orqada» ekanliklariga ishonib, pozitsiyalarga chiqishgan, ammo rus jangchilari bilan jangga kirishga majbur bo‘lishgan. Ukrainaliklarning o‘q-dorilari tugagach, ular taslim bo‘ldi va keyin otib tashlandi. Loyiha bu ma’lumotning tasdig‘i sifatida go‘yoki ukrainalik askarlarning jasadlari aks etgan aerofotosuratni e’lon qildi. Ular yuzi yerga qaragan holda yotgan.
Ukraina loyihasi tahlilchilari, umuman olganda, Kursk oblastidagi vaziyatni Ukraina Qurolli kuchlari uchun «quvonarli emas» deb ta’riflaydi. «Mudofaa kuchlari barqarorlashtirish choralarini ko‘rmoqda, biroq yo‘qotilgan yutuqlarni tiklash nihoyatda qiyin», — deyiladi bayonotda.
Kiyev: RF harbiylari kamida 93 ukrainalik asirni qatl etdi
Ukraina huquq-tartibot idoralari Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri ruslar tomonidan asirga olingan kamida 93 nafar vatandoshning jang maydonida qatl etilgani haqida ma’lumotga ega. Bu haqda 4 oktyabr kuni Ukraina Bosh prokuraturasi vakili Yuriy Belousov telemarafon chog‘ida ma’lum qildi.
«Hozir bizda jang maydonida qatl etilgan 93 nafar askarimiz halok bo‘lgani haqida ma’lumot bor», — deya Belousov so‘zlaridan iqtibos keltirgan «Ukrinform».
Ukraina Bosh prokuraturasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga ma’lum bo‘lgan qatllarning 80 foizi 2024 yilda qayd etilgan. Rossiya kuchlari tomonidan ukrainalik asirlarga nisbatan yomon munosabat 2023 yil noyabridan beri kuzatilmoqda, dedi Belousov.
Ukraina Bosh prokuraturasi Ukraina Qurolli kuchlarining asirga olingan askarlarining qatl etilgani haqida ma’lumot olishda davom etmoqda, dedi Belousov. Kiyevga so‘nggi bunday holat 3 oktyabr kuni ma’lum bo‘ldi.
«Telegram-kanallarda boshqa bir harbiy xizmatchining shafqatsiz qatl etilgani aks etgan video tarqaldi, biz zudlik bilan «SBU»Bosh tergov boshqarmasida yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilganini qayd etdik», — dedi Belousov.