BMT Isroilni Livandagi qarorgohiga yana bir hujumda aybladi

Jahon 12:11 / 14.10.2024 5334

Isroil tanklari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi muvaqqat kuchlari (UNIFIL)ning mamlakat janubidagi bazasi darvozasini buzib tashlab, uning ichkarisiga kirdi, deya xabar berdi BMT.

UNIFIL bayonotida aytilishicha, hodisa 13 oktyabr kuni erta tongda tinchlikparvar kuchlarning Ramiyadagi pozitsiyasida sodir bo‘lgan. Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 04:30 atrofida, tinchlikparvar kontingent harbiylari boshpanalarida ekanida, Isroilning «Merkava» rusumli ikkita tanki «pozitsiyadagi asosiy darvozani buzib tashlab, zo‘ravonlik bilan obekt ichkarisiga kirib kelgan». Keyin isroillik harbiylar «bir necha marta baza hududida tokni o‘chirishni talab qilgan».

Bayonotda aytilishicha, tanklar tinchlikparvar kuchlar bu holat o‘zlarining hayotiga xavf tug‘dirishini aytib, e’tiroz bildirganidan taxminan 45 daqiqa o‘tgach, hududni tark etishgan.

Mahalliy vaqt bilan taxminan soat 06:40 larda shu pozitsiyada turgan tinchlikparvar kuchlar 100 metr shimolda o‘t ochilgani, u yerdan tutun kelgani haqida xabar bergan.

«Lagerga tutun kirib kelganidan keyin o‘n besh nafar harbiy xizmatchi turli darajada jabrlandi, xususan, teri ko‘chishi va oshqozon-ichak faoliyatida buzilishlar kuzatilgan. Ular davolanishda», — deyilgan bayonotda.

TsAHAL esa bu voqeaning boshqacha talqinini keltirib, o‘z tanklari UNIFIL bazasiga avvalroq tankka qarshi raketalar portlashi oqibatida jarohatlangan askarlarini evakuatsiya qilish uchun kirganini bildirgan.

«Yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun ikkita tank orqa tomoni bilan kirdi, UNIFIL pozitsiyalari yaqinida o‘t ochilayotgani tufayli boshqacha harakat qilishning iloji yo‘q edi», — deyilgan Isroil armiyasi bayonotida.

Shuningdek, TsAHAL evakuatsiyani osonlashtirish maqsadida bir marta o‘q uzgani va UNIFIL bilan «uzluksiz aloqada bo‘lib turilgani»ni ma’lum qilgan. TsAHAL faoliyati natijasida UNIFIL harbiy xizmatchilariga hech qanday tahdid bo‘lmadi, deya qayd etilgan bayonotda.

Bundan bir necha soat oldin Binyamin Netanyahu yana bir marta BMT kuchlarini chegara hududlardan olib ketishga chaqirgandi.

«UNIFIL „Hizbulloh“ tayanch punktlari va harbiy harakatlar hududidan olib chiqish vaqti keldi», — deyiladi Netanyahuning BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish manziliga yo‘llangan videomurojaatida.

Bungacha ham TsAHAL bir necha marta bu haqda so‘ragan va har safar rad javobini olgan. Isroillik harbiylarga ko‘ra, «Hizbulloh» jangarilari tinchlikparvar kuchlarning pozitsiyalariga yonma-yon joylashib, ulardan «jonli qalqon» sifatida foydalanmoqda, guruh bu ayblovlarni rad etgan.

Reuters agentligi tanishgan hujjatlarga ko‘ra, deyarli ikki hafta oldin isroillik harbiylar BMT tinchlikparvar kuchlaridan o‘zini xavf ostida qoldirmaslik uchun chegaradan 5 km masofadagi pozitsiyalarga ko‘chib o‘tishga tayyorlanishni so‘ragan.

Payshanba kuni BMT tinchlikparvar kuchlari rahbari Jan-Piyer Lakrua Xavfsizlik kengashida «tinchlikparvar kuchlar xavfsizligi tobora xavf ostida qolayotgani»ni aytdi. Ular o‘z pozitsiyalarida qolmoqda, ammo 23 sentabrdan boshlab operativ faoliyatini amalda to‘xtatgan va tinchlikparvar kuchlar askarlari bazalarida qolmoqda. Uch yuz kishi vaqtincha yirikroq bazalarga ko‘chirilgan.

UNIFIL vakili payshanba kuni kuzatuv minoralari, kameralar, aloqa va yoritish vositalariga qilingan hujumlar tinchlikparvar kuchlarning vaziyatni kuzatish imkoniyatini cheklab qo‘yganini ma’lum qilgandi. BMTdagi manbalar isroilliklarning hujumlari xalqaro huquq buzilishini kuzatishni imkonsiz qilib qo‘yishidan xavotir bildirgan.

So‘nggi kunlarda tinchlikparvar kuchlarning pozitsiyalariga yo‘llangan davomli zarbalar oqibatida besh nafar askar yaralangan, bu holatlarning aksarida Isroil kuchlari ayblangan.

Italiya bosh vaziri, odatda Isroilni qo‘llovchi Jorjiya Meloni yakshanba kuni Netanyahu bilan telefon orqali muloqot qilgan va Isroil hujumlarini qoralagan.

UNIFIL’ning 10 ming kishilik kontingenti tarkibida mingdan oshiq italyanlar xizmat qiladi. Kontingent tarkibida 700 nafardan odami bo‘lgan Fransiya va Ispaniya ham Isroilning harakatlarini qoralagan.

UNIFIL 1978 yilda Livanning janubiy qismini monitoring qilish uchun tashkil etilgan. Bu hududda bir necha bor qurolli mojarolar ro‘y bergan: Isroil 1982 yilda mamlakatga bostirib kirib, Janubiy Livanni 2000 yilga qadar okkupatsiya qilib turgan, shuningdek 2006 yilda «Hizbulloh»ga qarshi besh hafta davom etgan keng ko‘lamli urush olib borgan.

Ko‘proq yangiliklar: