So‘nggi yillarda AQShdagi aviabazalar va yadroviy obektlar ustidan «sirli» uchuvchisiz uchish apparatlari uchib o‘tishi qayd etilmoqda, deb xabar beradi The Wall Street Journal. AQSh Harbiy-havo kuchlari generali Mark Kellining aytishicha, 2023 yil dekabrda u va boshqa ofitserlar 17 kecha davomida dronlar Virjiniya sohilidagi Lengli aviabazasi ustidagi havo makonini buzib o‘tganini kuzatgan.
Kellining so‘zlariga ko‘ra, dronlar ishtirokidagi «shou» taxminan quyosh botganidan 45 daqiqa yoki 1 soatdan keyin boshlangan. Uchuvchisiz uchish qurilmalari aviabaza ustidan 900-1200 metr balandlikda, soatiga 160 kilometrdan ortiq tezlikda uchib o‘tgan.
Shu bilan birga dronlar Chasapik ko‘rfazining janubiy qismidan dunyodagi eng yirik harbiy-dengiz porti, shuningdek, AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining maxsus bo‘linmalari bazasi SEAL Team Six joylashgan Norfolk tomon uchgan. Harbiylar ushbu uchuvchisiz uchish apparatlari «uddaburon havaskorlargami yoki dushman kuchlariga» tegishli ekanini aniqlay olmagan, chunki tungi osmonda ularni kuzatishning imkoni bo‘lmagan.
Ayrimlarning taxminicha, bu Rossiya yoki Xitoyning harakati bo‘lishi mumkin. Natijada, Lengli aviabazasi qo‘mondonligi dronlar to‘dasi bilan to‘qnashuv xavfidan tungi parvozlarini bekor qilgan va F-22 qiruvchi samolyotlarini boshqa bazaga joylashtirgan.
Bundan ikki oy oldin, 2023 yil oktyabrda beshta dron bir necha kun davomida Energetika vazirligining Nevadadagi yadroviy obektlari ustidan uchib o‘tgan. Ularni aynan kim va nima maqsadda boshqargani Amerika hukumati uchun sirligicha qolmoqda.
Bu kabi holatlar mamlakatning boshqa hududlarida ham qayd etilgan. 2024 yil yanvarda dronlarni Kaliforniyadagi Edvards harbiy aviabazasi yaqinida payqashgan, bu esa milliy xavfsizlik borasidagi xavotirlarni yuzaga keltirgan. Shu bilan birga, dronlar avgust va sentabrda ham aviabaza yaqinida paydo bo‘lishni boshlagan.
Nashrning eslatishicha, AQShda federal qonun harbiy bazalar yaqinida uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘dirmayotgan bo‘lsa, ularni urib tushirishni taqiqlaydi. Shunga qaramay, bu kabi ko‘plab mojarolar prezident Jo Baydenning ham e’tiboriga tushgan va Oq uy yig‘ilishida muhokama qilingan. Pentagon, FQB va boshqa idoralar vakillari tahdidga javob berish yo‘llarini izlay boshlagan. O‘z navbatida Amerika qonunchilik vakillari harbiylarga «ko‘proq harakat erkinligi» berishni talab qilmoqda, shunda ular strategik nishonlar ustidan uchuvchisiz samolyotlarni zararsizlantirishi mumkin bo‘ladi.