Xorijda o‘zbekistonliklar uchun ish o‘rinlari, O‘zbekistonda avtomobillar statistikasi, prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
O‘zbekistonliklar uchun xorijda ish o‘rinlari
O‘zbekistonliklar uchun xorijda 154 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud. Jumladan, Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Litva, Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya, Yaponiya, Ruminiya kabi davlatlarda tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, yuk avtomobil haydovchisi, payvandlash, elektrik, IT kabi sohalar bo‘yicha 154 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norovga ko‘ra, Germaniyaning 25 ta ish beruvchi tashkiloti bilan 60 mingga yaqin fuqaroni tibbiyot, haydovchilik, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri va Ausbildung (dual ta’lim) asosida ishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ularga o‘rtacha 2100 AQSh dollari ish haqi taklif qilinmoqda.
Britaniyada tibbiyot yo‘nalishida 10 ming va mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga 3 ming ish o‘rniga talabnoma olingan. Ish haqi 2500 AQSh dollari.
Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya va Yevropaning boshqa davlatlariga 26 mingdan ortiq fuqaroni yuk avtomobili haydovchisi, ishlab chiqarish, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalariga ishga yuborish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularga o‘rtacha 1400 AQSh dollari ish haqi taklif qilinmoqda.
Bu yil ilk marotaba Janubiy Koreyaga ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, qurilish, kemasozlik, tog‘-konchilik va o‘rmonchilik sohasiga 13 700 ish o‘riniga kvota olindi. O‘rtacha oylik ish haqi 2000 AQSh dollari.
O‘zbekistondagi avtomobillar statistikasi
2024 yilning 8 oyida O‘zbekistonga qariyb 912 mln dollarlik 49 ming 55 dona yengil avtomobillar import qilingan.
Eng ko‘p yengil avtomobillar Xitoy — 38 ming 85 dona, Janubiy Koreya — 8729 dona, AQSh — 622 dona, Yaponiya — 139 dona va Germaniya — 104 dona import qilingan.
Shuningdek, O‘zbekistonda 100 ta uy xo‘jaligiga nechta avtomobil to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi. 2010 yilga solishtirilganda bu boradagi ko‘rsatkich qariyb uch barobar oshgan.
Ayni paytda O‘zbekistonda har 100 ta uy xo‘jaligiga 57 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda.
Ma’lumot uchun, har 100 ta uy xo‘jaligiga:
- 2010 yilda – 21 ta;
- 2015 yilda – 42 ta;
- 2020 yilda – 49 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekistonda sotilayotgan avtomobillar
Joriy yilning dastlabki III choragida O‘zbekistonda 303 ming 373 dona avtomobil sotilgan. 2024 yilning 9 oyida UzAuto Motorsʼning O‘zbekiston bozoridagi ulushi 89 foizni tashkil qildi.
Mazkur davrda har uchta sotilgan avtomobilning bittasini Cobalt tashkil qilgan.
Qayd etilishicha, hisobot davrida UzAuto Motors 271 ming 221 dona, ADM Jizzakh 19 ming 766 dona, BYD Uzbekistan Factory 11 ming 580 dona, Jizzakh Auto 328 dona, Asaka Motors 284 dona, SamAuto 194 dona avtomobilni xaridorlarga yetkazib bergan.
2024 yilning dastlabki III choragida korxonalarning ichki bozordagi ulushi quyidagicha:
- UzAuto Motors – 89,4 foiz;
- ADM Jizzakh – 6,5 foiz;
- BYD Uzbekistan Factory – 3,8 foiz;
- Jizzakh Auto – 0,1 foiz;
- SamAuto – 0,1 foiz;
- Asaka Motors – 0,1 foiz.
Eng ko‘p sotilgan avtomobil – Cobalt. Hisobot davrida 99 ming 577 dona ushbu modeldagi avtomobillar xaridorlarga yetkazib berilgan. Keyingi o‘rinlarda Damas (71 ming 875 dona) va Tracker (31 ming 736 dona) qayd etilgan.
Hokim yordamchilari uchun qo‘shimcha rag‘bat
O‘zbekistonda ayrim hokim yordamchilari lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.
Prezident qaroriga ko‘ra, ijobiy tajribaga ega 50 nafar hokim yordamchisidan iborat “Loyiha menejerlari” guruhi tashkil etiladi.
Bunda “Loyiha menejerlari” guruhi tarkibidagi har bir hokim yordamchisi samaradorlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan tuman/shaharlarga biriktiriladi va ular 6 oygacha mazkur tuman/shaharlardagi mahallalarga xizmat safariga yuboriladi.
Xizmat safari davomida “Loyiha menejerlari” guruhidagi hokim yordamchilari, ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlar saqlab qolingan holda lavozim maoshining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.
Prezidentning Toshkent viloyatiga tashrifi
Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining rivoji, aholi hayoti va yangi loyihalar bilan tanishdi.
Prezident dastlab Toshkent tumaniga tashrif buyurib, Keles yo‘li ko‘chasi bo‘ylab amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. So‘ngra Zangiota tumanidagi avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi “Technologies of real time” O‘zbekiston–Singapur qo‘shma korxonasiga bordi.
Mirziyoyev Yangiyo‘l tumanidagi “Tinchlik” kichik sanoat zonasida bo‘lib, "Enter steel" korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.