Google kompaniyasi sentabr oyida NotebookLM xizmati uchun yangi vosita — Audio Overview’ni taqdim etgandi. Endi foydalanuvchilar har qanday hujjat, matn yoki maqola ko‘rsatilgan havolani sun’iy intellekt boshlovchilar yordamida podkastga aylantirishlari mumkin.
Google tomonidan ishlab chiqilgan NotebookLM xizmati foydalanuvchilarga murakkab ma’lumotlarni tizimlashtirishda, tadqiqotdan asosiy fikrlarni ajratib olish, asosiy iqtiboslarni tanlashda yordam beradi. Audio Overview funksiyasi esa hujjatlarni umumlashtirishning yana bir usuli hisoblanadi — unda ikkita sun’iy intellekt ovoz ishtirokida mavzu bo‘yicha suhbat quriladi.
«Audio munozara»ni yaratish uchun havola yoki matnni yuklab, Deep Dive Sonversation tugmasini bosish kifoya — ikki daqiqa ichida tizim berilgan mavzu muhokama qilingan audiofaylni taqdim etadi. Google Labs’ning tahririy direktori Stiven Jonsonning ta’kidlashicha, NotebookLM faqat foydalanuvchi yuklagan ma’lumotga tayanadi va tashqaridan qo‘shimcha ma’lumot izlamaydi — bu uning boshqa chat-botlardan farqidir. «Audio munozara» hozircha faqat ingliz tilida test rejimida ishlamoqda, ammo materiallarni boshqa tillarda ham yuklash mumkin.
«Siz uyga vazifangizni mashg‘ulot zalida tinglash mumkin bo‘lgan podkastga aylantirishingiz mumkin. Yoki shahar kengashining yig‘ilishini olib, uni keng ommaga podkast formatda yetkazishingiz mumkin, bunda ovoz yozish studiyasiga pul sarflamaysiz», — deya qo‘shimcha qiladi Stiven Jonson.
Foydalanuvchilar yangi funksiyani ijobiy qabul qilib, uni sinab ko‘rishni boshlab yubordi. NotebookLM yordamida Wikipedia’dagi tarixiy ma’qolalar mavzusi bo‘yicha podkast ham ishga tushirildi.
Google sun’iy intellekt boshlovchilarining muloqotini haqiqiy suhbatga aylantirishga urinmoqda. Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, agar boshlovchilar ideal ssenariydagi matnni navbatma-navbat o‘qib bersa, hech kim uni tinglamaydi. Shu bois Google boshlovchilari orada uzilishlar qiladi, bir-birining gapini bo‘ladi, hissiy hayratga tushadi.