Diniy qo‘mita Umra litsenziyasi uchun yangi talablarni e’lon qildi

O‘zbekiston 08:30 / 13.10.2024 18117

Lisenziyalovchi organ tadbirkorlar uchun maksimal qiyin talablarni joriy qildi. Endilikda “umrachi” turfirmalar 1 million dollarni maxsus jamg‘armaga zaxira qilishi, xizmatlarni uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmasligi hamda Saudiyadagi hamkor shirkatga faqat bank orqali to‘lov qilishi kerak bo‘ladi. 

2024 yil 12 oktabr kuni “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 668-sonli qarori qabul qilindi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati ma’lum qildi.

2024 yil 2 iyulda qabul qilingan qonun bilan joriy yil 5 oktyabrdan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya beruvchi vakolatli organ sifatida belgilangan edi. Vazirlar Mahkamasining 668-sonli qarori bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan beriladigan litsenziya shartlari e’lon qilindi. Xususan, quyidagi talab va shartlari joriy etilmoqda:

  • 1 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni “Ziyorat jamg‘armasi”ga zaxira qilib qo‘yish;
  • Ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassisni tayinlash;
  • Turfirma shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bir nafar mutaxassisning mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • Voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatmaslik;
  • O‘z faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;
  • Ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistonining faqat “Umra vizasi”ni rasmiylashtirish – boshqa viza bilan olib borish noqonuniy hisoblanadi;
  • Umra xizmatlari Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish va ular ko‘rsatadigan xizmatlar uchun to‘lovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish;
  • Ziyoratchilarga Makka va Madina shaharlarida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish;
  • Xalqaro yo‘nalishda yo‘lovchi tashish bo‘yicha 2 yildan kam bo‘lmagan tajribaga ega, bu davrda yo‘lovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniya bilan hamkorlik qilish;
  • Ziyoratchilarni yuborishdan oldin ularga borish va qaytish aviachiptalarini xarid qilish;
  • Ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish;
  • Umra xizmatini 3-davlatlar orqali ko‘rsatmaslik;
  • Xizmatlarni litsenziyada ko‘rsatilgan manzildan boshqa joydagi vakolatxona yoki filial orqali ko‘rsatmaslik.

Umra ziyorati xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya sohasidagi qonunbuzarlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarima miqdori BHMning 200 baravari (75 mln so‘m) etib belgilangan.

Ma’lum qilinishicha, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun litsenziya yakka tartibdagi litsenziya turi hisoblanadi. Lisenziyalarni berish tanlov asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan 2024 yil oktyabr oyidan amalga oshiriladi.

Rasmiylarga ko‘ra, talablarning kuchaytirilishi Umra ziyoratiga olib boruvchi ayrim turfirmalar “vizalarni soxtalashtirish, mehmonxonalarda joy band qilmaslik, qaytish aviachiptalarini xarid qilmaslik” kabi tashkiliy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan. Natijada 13 mingdan ziyod fuqarolar xorijda sarson bo‘lgan, bir necha ming fuqaro Saudiya Arabistonida bo‘lish qoidalarini buzgani uchun deport qilingan.

Ma’lum qilinishiga, O‘zbekistonda bugungi kunga qadar 100 ming dollardan kam bo‘lmagan zaxira mablag‘larini tegishli hisob raqamga qo‘ygan 80 ga yaqin tur firma faoliyat olib borgan.

O‘zbekistonda 2022 yil oxirida Umra safarini sayyohlik firmalari orqali ham tashkil etishga qisman ruxsat berilgan edi.

Keyinroq hukumat qarori bilan 2023 yil 1 noyabrdan Umra tadbirlarini tashkil etuvchi turfirmalarning ishi qiyinlashtirildi. Xususan, ularga litsenziya olish uchun 100 ming dollardan kam bo‘lmagan mablag‘ni bank rekvizitiga zaxira qilish majburiyati yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: