Toshkent metrosining yerosti bekatlari uchun 2025 yilda 10 ta ventilyator xarid qilinadi. Bu haqda Xalqaro press-klubda metropoliten rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Toshkent metropolitenining rejim xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirov ventilyatsiya tizimini ta’mirlash va qurilmalarni yangilash jarayoni ikki yildan beri davom etayotganini ma’lum qildi.
«Yo‘lovchilarning ko‘pligi hamda ushbu qurilmalarning ancha yillardan buyon xizmat qilib kelayotgani sababli ikki yildan beri tizimni ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Chilonzor, Novza, Olmazor va Paxtakor kabi katta stansiyalarimizda bu tizimlar — ya’ni suv bilan sovitish tizimlari yangilandi. 2025 yilda yana 10 ta shunday katta ventilyatorni yangilash, aniqrog‘i, sotib olish rejalashtirilgan, buning ustida ish olib borilyapti», — dedi Abdutohir Abduqodirov.
Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent metrosining yerosti bekatlarida 100 dan ortiq ventilyator bo‘lib, ularning barchasi ishlab turibdi.