G‘azoda qirib yuborilgan oilalar, Livandagi qochqinlar va COVID-19ning yangi asoratlari - kun dayjesti

Jahon 14:04 / 11.10.2024 4010

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Livandagi vaziyat

Isroil armiyasi kecha Livan poytaxti Bayrut shahri markaziga hujum uyushtirdi. Natijada 18 kishi halok bo‘lgan, 92 kishi yaralangan.

Shahar markazidagi ikki yirik portlashdan so‘ng quyuq tutun ko‘tarilgan. Hujum uyushtirilgan tumanga ko‘plab tez yordam va o‘t o‘chirish mashinalari yo‘naltirilgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlash nuqtasiga yaqin binolar va avtomobillar shikastlangan.

Livanga hujumlar majburan ko‘chirilgan odamlarni ta’riflab bo‘lmas sharoitlarda yashashga majbur qilmoqda, deb yozmoqda «Chegara bilmas vrachlar» tashkiloti.

Isroilning Livanga hujumlari 1 milliondan ortiq inson yashab turgan joylarini tashlab chiqishga majbur qilgan.

Xalqaro mustaqil va notijorat «Chegara bilmas vrachlar» tashkilotining muvofiqlashtiruvchisi Luna Hammadning aytishicha, bu borada chuqur inqiroz ko‘zga tashlanyapti va aholining ehtiyojlari mavjud resurslardan karrasiga ko‘proq.

«Bombardimon bo‘lishdan qochib turli tumanlarga ko‘chirilgan odamlar soni 1 mlndan ortiq. Bu odamlar Livan janubida, Bekaa vodiysida va Bayrut yon-atrofida qo‘nim topgan», — degan Hammad.

Bu orada Isroil Livandagi BMT tinchlikparvar kuchlarining pozitsiyalariga ham zarba bergani ma’lum bo‘ldi. Ikki kishi yaralangani xabar berilmoqda.

Xabar qilinishicha, Isroil tanki kuchlar shtabining Ras-un-Nakuradagi qo‘riqlash minorasiga qarata o‘t ochgan. Yana ikki hujumda hech kimga zarar yetmagan.

BMTning Livandagi muvaqqat kuchlari — UNIFIL 1978 yilda tuzilgan va 2006 yilda Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi natijasiz urushdan so‘ng kengaytirilgan edi.

BMT qo‘shinlari tarkibida Fransiya, Italiya, Indoneziya, Malayziya va ganalik askarlar bor.

G‘azodagi vaziyat

Isroil G‘azoda agressiyani davom ettirmoqda. Maktabga hujum kamida 20 nafar falastinlikni hayotdan olib ketdi.

Hujum Dayr-ul-Balah shahridagi Rafid maktabiga uyushtirilgan. Bu yerda majburan ko‘chirilgan falastinliklar joylashtirilgan edi. 20 kishi o‘ldirilgani va o‘nlab insonlar yaralangani xabar qilinmoqda.

Isroil samolyotlari G‘azoning shimolidagi Jabaliya qochqinlar lagerida ishlayotgan «Al-Aqso» telekanali muxbirlari ishlayotgan chorrahaga bomba tashladi. Fotojurnalist va operator Muhammad at-Tananiy voqea joyida halok bo‘lgan, muxbir Tamir Labad yaralangan.

Zarbadan so‘ng Isroil askarlari s’yomka guruhi ishlayotgan joyga tez yordam mashinalari borishiga monelik qilishgan. 2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar soni 176 nafarga yetdi.

Albaniyaga rasmiy safar bilan borgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an G‘azodagi genotsid insoniyatning umumiy isnodi, ekanini ta’kidlagan.

Albaniya bosh vaziri Edi Rama bilan qo‘shma matbuot anjumanida Erdo‘g‘an shunday degan.

«Biz butun jahon hamjamiyati siymosida o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordamlarini yetkazish uchun Isroilga bosim o‘tkazishga erishishimiz kerak», degan Erdo‘g‘an.

G‘azodagi genotsid oqibatlari

Britaniyaning Airwars notijorat tahlil kompaniyasi Sky News bilan hamkorlikda Isroilning so‘nggi bir yil ichida G‘azoga bergan yuzlab zarbalari tasvirlarini o‘rganib chiqdi.

Videoyozuvlardagi ma’lumotlari muayyan geolokatsiyalarga bog‘lanib, tinch aholi vakillari o‘ldirilgani va yarador qilingani to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlarga bog‘lab chiqilgan.

Agressiyaning birgina dastlabki oylarida Airwars Isroil armiyasi tomonidan e’lon qilingan kadrlar hujjatlashtirilgan qotilliklar va ziyon yetkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlarga mos kelishi bilan bog‘liq 17 ta holatni aniqlagan. Birgina shu 17 holatda 400 dan ortiq odam o‘lgan va ularning yarmi yosh bolalardir.

Tadqiqot natijalarini sharhlar ekan, kompaniya direktori Emili Tripp Isroil harbiy havo kuchlarining bombalashlari «tinch aholi o‘rtasida misli ko‘rilmagan qurbonlar» keltirib chiqarganini ta’kidlagan. Boz ustiga, Isroil zarbalari katta aniqlikda amalga oshirilayotgani iddao qilingan esa-da, aslida, ko‘p hollarda zarbalar tartibsiz berilgan.

Isroilning G‘azoga hujumlari chog‘ida falastinlik 902 ta oila butunlay yo‘q qilingani ma’lum bo‘ldi.

So‘nggi bir yil ichida o‘ldirilgan falastinliklar soni 42 ming 100 nafardan oshgan. Ularning 17 mingdan ziyodi yosh bolalar. Yana minglab odamlar bedarak yo‘qolgan yoki vayronalar ostida qolmoqda.

15 sentabr kuni G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi o‘ldirilganlarning ismi, yoshi, jinsi ko‘rsatilgan holda 34 ming 344 kishini nomma-nom e’lon qildi. Yana minglab jasadlar hozircha tanib olinmagan.

Har kuni G‘azoda o‘rtacha 115 kishi o‘ldirilmoqda: ularning 46 nafari yosh bolalar, 31 nafari ayollar va 38 nafari erkaklar. Har kuni o‘rtacha 266 kishi yaralanmoqda. 27 kishi bedarak yo‘qolmoqda.

Isroilning hujumlari tufayli 902 ta oila fuqarolik holatini qayd etish daftarlaridan o‘chirildi. Bu mazkur oilaning barcha a’zolari o‘lganini anglatadi.

Bundan tashqari, 1364 ta oilada faqat bir a’zo, 3472 oilada ikki a’zo qolgan.

Eng ko‘p o‘ldirilgan Al-Najar oilasiga mansub — 393 kishi, shuningdek, Al-Masriy oilasidan 226, Al-Astal oilasidan 225 kishi o‘ldirilgan.

Qurbonlarning ichida eng yoshi ulug‘i 101 yoshli Ahmad Muhammad Ibrohim At-Tahroviy ekani aytilmoqda.

Eronning qo‘shnilarga talabi

Eron Fors ko‘rfazi atrofidagi davlatlarga jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi. Arab davlatlariga Isroilning Tehronga qarshi ehtimolli hujum chog‘ida yahudiylarga havo kengliklari va harbiy bazalardan foydalanishga yo‘l qo‘yib bermaslik so‘ralgan.

Reuters agentligining eronlik manbalaridan birining aytishicha, arab davlatlarining potensial aralashuviga toqat qilib bo‘lmaydi va Eron oqibatlar bilan tahdid qilgan.

Bu bayonot Eronning 1 oktyabr kuni Isroilga raketa hujumi fonida mintaqadagi o‘ta nozik geosiyosiy landshaftni qayd etadi.

Shu haftada Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Saudiya Arabistoni va Qatarga borib, bu ikki mamlakatni mojaroga aralashmaslik va Isroilni qo‘llab-quvvatlamaslikka ko‘ndirishga uringan.

Reuters bilan suhbatlashgan eronlik mulozimning aytishicha, Fors ko‘rfazidagi har qanday davlatning Tehronga qarshi xatti-harakatlari kollektiv harakat sifatida qabul qilinadi va Eronning javobini yuzaga keltiradi.

Eron rasmiy shaxslari Tel-Avivga har qanday yordamga toqat qilolmasligini bildirib qo‘ygan. Ayniqsa Eronga zarba berish uchun havo kengliklarini ochishni.

COVID-19ning yangi asoratlari

COVID-19 yurak xurujlari va insult xavfini oshirishi ma’lum bo‘ldi.

COVID-19ni boshidan kechirganlarda koronavirus yuqtirganidan keyingi uch yil ichida yurak xurujlari va insult kabi yurak-qontomir kasalliklariga chalinishi xavfi ikki barobar yuqori bo‘lar ekan.

Janubiy Kaliforniya, Kaliforniya universitetlari hamda Ohayodagi Lerner tadqiqot instituti olimlari shunday xulosaga kelishgan.

Olimlar Britaniyaning Biobank tibbiyot bazasidan o‘rin olgan 250 ming kishining kasallik tarixini o‘rganib chiqishgan.

Ular 2020 yilda COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarning yozuvlarini koronavirus yuqtirmagan 222 ming insonning yozuvlari bilan taqqoslashgan.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19ni boshdan kechirgan odamlarda kelgusi uch yil ichida yurak xuruji va insultga chalinish hamda mazkur yurak-qontomir tizimi xastaliklaridan vafot etish xavfi koronavirus yuqtirmagan odamlarga nisbatan ikki barobar ko‘proq ekan.

Olimlar COVID-19 bilan og‘rib, shifoxonaga yotqizilganlarda yurak xuruji, insult va bu ikki darddan vafot etish xavfi vaqt o‘tishi bilan ham pasaymagan.

Olimlar virusning inson organizmining yurak-qontomir tizimiga bu qadar uzoq vaqt ta’sir qilishi sababini tushuntira olishmagan.

Ko‘proq yangiliklar: