Fon der Lyayyen Moldovaga katta yordam paketini va’da qildi

Jahon 08:58 / 11.10.2024 1965

Moldovada prezidentlik saylovlari va Yevropa integratsiyasi bo‘yicha referendumdan o‘n kun oldin Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen bu mamlakatga tashrif buyurdi. 10 oktyabr, payshanba kuni Kishinyovga tashrifi chog‘ida u 2023 yil dekabridan YeI a’zoligiga nomzod bo‘lgan Moldovaga 1,8 milliard yevrolik yangi yordam paketini va’da qildi.

Moldova prezidenti Mayya Sandu bilan muzokaradan so‘ng fon der Lyayyenning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi maktablarni ta’mirlash, ikkita yangi shifoxona qurish, telekommunikatsiya, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish hamda Yevropa tarmog‘iga ulashga mablag‘ yo‘naltiradi. Bryusselga ko‘ra, bu Moldova uchun 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri eng katta yordam paketidir.

Fon der Lyayyen moldovaliklarni erkin tanlov qilishga chaqirdi

Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, hozir Moldova xalqi uchun «muhim bosqich» yaqinlashmoqda. U mamlakat fuqarolarini «ovozdan foydalanish va erkin tanlov qilishga» chaqirdi. «O‘z mamlakatingiz bilan nima qilishni o‘zingiz hal qilasiz, bunga hech kim aralashishi mumkin emas», dedi u.

O‘z navbatida, Sandu Yevropa Ittifoqiga moliyaviy majburiyatlari uchun minnatdorchilik bildirdi va Moldovaning «Yevropa Ittifoqi ishonchini aks ettiruvchi o‘sish rejasi» haqida ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning qo‘llab-quvvatlashi Moldova fuqarolariga «aniq foyda» keltiradi.

Moldovada prezidentlik saylovlari va referendum

Moldovada prezidentlik saylovlari va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum bir kunda – 2024 yil 20 oktyabrda bo‘lib o‘tadi. Amaldagi prezident Mayya Sandu ikkinchi muddat uchun kurashmoqda va uning asosiy raqibi sobiq bosh prokuror Aleksandru Stoyanoglo bo‘lib, uni muxolifatdagi eng yirik Sotsialistlar partiyasi qo‘llab-quvvatlaydi.

Moldova hukumati Rossiyani bo‘lajak saylovga ta’sir o‘tkazish va saylovchilarga pora berishda ayblamoqda. Politico nashri Moldova politsiyasi bosh inspeksiyasi rahbari Viorel Cernautianaga tayanib, sentabr oyida Rossiya Federatsiyasi rossiyaparast oligarx Ilan Shorning «mafiya» tarmog‘i orqali 130 ming Moldova fuqarolarining hisob raqamlariga bo‘lajak referendumda ular mamlakatning YeIga kirishiga qarshi ovoz berishlari uchun 15 million dollardan ortiq mablag‘ o‘tkazganini xabar qilgan. «Moldova gibrid urush va dezinformatsiya bilan birgalikda saylovchilarning misli ko‘rilmagan sotib olinishiga duch kelmoqda», deb yozadi Politico.

Ko‘proq yangiliklar: