AQShda muvaffaqiyatli ajratilgan siam egizaklari birinchi tug‘ilgan kunini nishonladi

Jahon 15:58 / 11.10.2024 5186

Yaqinda o‘tkazilgan operatsiya natijasida bir-biridan muvaffaqiyatli ajratilgan aka-uka siam egizaklari o‘zlarining birinchi tug‘ilgan kunini nishonladi, deb xabar bermoqda Euronews.

AQShning Filadelfiya shahrida istiqomat qiluvchi oilaning farzandlari Amari va Javar Raffin 2023 yil sentabr oyida kesarcha usuli bilan dunyoga kelgan.

2024 yil 21 avgustda Filadelfiya bolalar shifoxonasining jarrohlik guruhi sakkiz soat davomida egizaklarni ajratish operatsiyasini o‘tkazdi. Guruh tarkibida yigirmadan ortiq mutaxassis, jumladan jarrohlar, anesteziologlar, rentgenologlar, hamshiralar va boshqa ko‘plab xodimlar bor edi.

Qorni bilan yopishgan bolalar ajratilgach, ularning qorni to‘r qatlamlar va plastik jarrohlik usullari yordamida yopilib, qayta tiklandi.

“Siam egizaklarini ajratish har doim qiyin kechadi, chunki har bir egizak juftligi individual”, — dedi bolalar shifoxonasi bolalar jarrohi va fetal jarroh Holli Hedrik. “Ushbu muhim kun oldidan operatsiya jarayonini repetitsiya qilishga soatlab vaqt sarflaymiz, hatto har bir bolani alohida karavotga yotqizishni mashq qilamiz”.

Shifoxona ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar bir yillik davolanishdan so‘ng 8 oktyabr kuni uyiga qaytarilgan.

“Ularni o‘z o‘rinlarida ko‘rish ta’rifga sig‘maydigan tuyg‘u bo‘ldi”. — dedi egizaklarning onasi Shaneka Raffin.

Raffinlar oilasi egizaklar bir-birga yopishgan holatda ekanini homiladorlikning 12-haftaligida rejali ultratovush tekshiruvi paytida bilgan.

Shaneka Raffinga homiladorlikni to‘xtatish tavsiya etilgan. Boshqa tomondan esa bu kam uchraydigan kasallik bo‘lsa-da, ularni muvaffaqiyatli ajratish mumkinligi aytilgan. Oilaga ushbu fikr ma’qul kelgan.

Siam egizaklari har 35 000-80 000 ta tug‘ilishning birida uchraydi. Ushbu shifoxona AQShdagi bunday chaqaloqlarni ajratish tajribasiga ega sanoqli tibbiyot muassasalaridan biri hisoblanadi.

Avvalroq Turkiyada siam egizaklari 14 soatlik operatsiyada muvaffaqiyatli ajratib olingandi. Amaliyotga yetakchilik qilgan britaniyalik jarrohlar operatsiyaga tayyorgarlik davomida ilk bor 3D zamonaviy texnologiyalaridan foydalandi.

Ko‘proq yangiliklar: