AQSh O‘zbekistonga 435 ming dollarlik oziq-ovqat yordamini yetkazdi

O‘zbekiston 14:12 / 11.10.2024 27278

AQSh o‘zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali 435 ming dollarlik 131 tonna oziq-ovqat yordamini O‘zbekistonga yetkazib berdi

Toshkent shahridagi 77-sonli ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internatida o‘tkazilgan marosimda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik, USAIDʼning Osiyo bo‘yicha administratori yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, USAIDʼning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman va boshqalar ishtirok etdi.

Sabzavotlar va dukkaklilardan iborat oziq-ovqat aralashmasini o‘z ichiga olgan insonparvarlik yordami 145 dan ziyod sog‘liq va ijtimoiy himoya muassasalari, jumladan, dorilarga chidamli tuberkulyoz bilan og‘rigan bemorlar uchun uzoq muddatli parvarish markazlari, bolalar uylari va psixiatrik muassasalarga tarqatiladi. Bu orqali 33 mingdan ortiq insonni qamrab olish rejalashtirilgan.

USAIDʼning Osiyo bo‘yicha administratori yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaurning aytishicha, ushbu loyiha orqali O‘zbekistondagi ehtiyojmand qatlamga manzilli yordam berish maqsad qilingan.

Ma’lumot uchun, 2010 yildan beri USAIDʼning Oziq-ovqat yordami bo‘yicha xalqaro hamkorlik dasturi doirasida qiymati 4,5 million AQSh dollarlik 1560 tonna oziq-ovqat yordami O‘zbekistonga yetkazib berilgan. Beg‘araz yordam sifatida berilgan bu oziq-ovqat mahsulotlari AQShning notijorat tashkiloti — Resource and Policy Exchange tomonidan O‘zbekistondagi Sog‘lom avlod uchun xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda tarqatiladi.

Ko‘proq yangiliklar: