Amerikalik ayolning uyini yuzlab yenotlar o‘rab oldi. Ayol uyni tark etishga majbur bo‘ldi

Jahon 15:55 / 11.10.2024 23202

AQShning Vashington shtatidagi Kitsap okrugi xizmatiga noodatiy murojaat kelib tushdi: okrugda yashovchi ayol o‘z uyini 100 ga yaqin yenot o‘rab olganidan shikoyat qildi. Ovqat izlab kelgan jonivorlar shu qadar agressiv harakatlar qilganidan, ayol uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.

Ayol politsiyachilarga 35 yildan beri yovvoyi hayvonlarni boqib kelganini va bu hobbi unga beziyon tuyulganini aytdi, biroq so‘nggi olti hafta ichida yenotlar soni keskin oshib ketgan.

Jabrlanuvchining aytishicha, hayvonlar “uni kecha-yu kunduz ta’qib qilgan”, uyning tashqi devorini, kirish eshigi va mashinasini tirnagan, ayol uydan chiqmoqchi bo‘lganda, uni o‘rab olib, o‘tishiga yo‘l qo‘ymagan. Qo‘shnilar ham yenotlar bosqinidan xursand emasdi.

“Ayol ovqat berishi haqidagi xabar qandaydir yo‘l bilan yenotlar orasida tarqalib, ularning barchasi yegulik umidida uning uyiga yopirilib kelgan”, — deydi Kitsap okrugi sherif o‘rinbosari Kevin Makkarti.

Voqea joyiga yetib kelgan ofitserlar manzaradan lol qoldi. Hozirda vaziyat yaxshilana boshlagan.

“Yenotlar endi ovqat berilmayotgani sabab tarqala boshlaganga o‘xshaydi. Bu masala ijobiy yechim topganidan mamnunmiz”, — dedi AQSh Baliq resurslari va yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish xizmati xodimi Brijit Mayr.

Uning qo‘shimcha qilishicha, shtat qonunchiligiga ko‘ra, ayiq yoki puma kabi yirik yirtqich hayvonlarni boqish noqonuniy hisoblanadi. Garchi yenotlar ular qatoriga kirmasa-da, hukumat ularga qo‘shimcha ovqat berishni tavsiya qilmaydi: hayvonlar turli kasalliklarni tashishi, shuningdek, boshqa yirtqichlarni, xususan, ayiqlarni ortidan yetaklab kelishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: