Google Play do‘konidan «Kasperskiy» antiviruslari o‘chirib tashlandi

Fan-texnika 22:01 / 08.10.2024 2766

Google Play foydalanuvchilariga «Kasperskiy laboratoriyasi» ilovasidan foydalanish cheklandi, deb xabar beradi kompaniya matbuot xizmati.

«Google kompaniyasi qaroriga ko‘ra, Android bazasidagi qurilmalarni himoya qilishga mo‘ljallangan ilovamiz vaqtincha Google Play rasmiy ilovalar do‘konidan olib tashlandi», — deyiladi xabarda.

«Kasperskiy laboratoriyasi»dagilarning aytishicha, Googleʼning qarori Amerika hukumati tomonidan kompaniya mahsulotlarini tarqatish va sotishga qo‘yilgan taqiqqa asoslangan. Ularga ko‘ra, Google AQSh Savdo vazirligining ilovalarni mamlakat tashqarisida tarqatishni taqiqlamaydigan qarorini noto‘g‘ri talqin qilmoqda.

«Mazkur cheklovlar AQShdan tashqarida yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, Google bir tomonlama tartibda Google Play’dagi barcha mahsulotlarimizni o‘chirib tashladi», — deyiladi kompaniya xabarida. «Kasperskiy» vaziyatni barcha manfaatdor tomonlar bilan faol muhokama qilmoqda.

Google do‘konidan Android qurilmalariga o‘rnatilgan barcha ilovalar ishlashni davom etadi, pulli obunalar faolligicha qoladi, litsenziyalar va virus ma’lumotlar bazasini yangilash bulutli infratuzilmamiz orqali boshqariladi.

Kompaniya o‘z ilovalarini boshqa onlayn do‘konlar, xususan, Galaxy Store, Huawei AppGallery, Xiaomi GetApps'dan yuklab olishni tavsiya qilmoqda. «Tajribali foydalanuvchilar «Kasperskiy laboratoriyasi» ilovasini saytimizda mavjud APK-fayllar yordamida mustaqil o‘rnatishlari mumkin», — deyiladi xabarda.

AQSh Savdo vazirligi iyun oyida «Kasperskiy laboratoriyasi» dasturiy ta’minotlaridan foydalanish va ularni sotishni taqiqlangan edi. Idoradagilarning ta’kidlashicha, kompaniya Rossiya hukumati bilan qalin aloqaga ega va uning faoliyati AQSh hamda uning fuqarolari xavfsizligiga tahdid tug‘diradi.

Vashingtonning hisoblashicha, «Kasperskiy laboratoriyasi» Amerika kompyuterlaridan maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashi mumkin. O‘z navbatida kompaniya AQSh Savdo vazirligining qarori «mahsulotlarni texnik baholashdan ko‘ra, hozirgi geosiyosiy vaziyat va nazariy xatarlarga asoslanganini» bildirdi. Kreml esa AQSh kompaniya shu turdagi faoliyat bilan shug‘ullanadigan boshqa raqobatchilaridan yaxshiroq bo‘lgani uchun unga sanksiyalar joriy etgan deb hisoblamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: