AQShda rezavor mevalar yetishtiruvchi vertikal ferma tashkil etildi

Fan-texnika 17:58 / 08.10.2024 7050

Plenty Richmond fermasi AQShning Richmond shahrida joylashgan. Uning asoschilari bu fermani “yopiq binolarda vertikal dehqonchilik usuli orqali katta miqyosda rezavor mevalar yetishtiradigan dunyodagi birinchi ferma” deb ta’riflashmoqda. New Atlas nashri xabar berishicha, bu loyiha xalqaro olimlar guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Fermada taxminan 1,8 million kilogramm qulupnay yetishtirish mumkin. Bunda, mevalar yotiq emas, balki tik shaklda o‘stiriladi — ular 30 metr balandlikdagi minoralarning ichiga joylashtirilgan. Ferma qulupnaylarni Driscoll’s kompaniyasi uchun yetishtirmoqda. Bu mahsulot 2025 yilning boshlarida oziq-ovqat do‘konlari peshtaxtalarida paydo bo‘ladi.

Ilgari tijorat maqsadidagi vertikal dehqonchilik asosan salat uchun o‘simliklar yetishtirish bilangina cheklanardi. Plenty Richmond kompaniyasining yangi texnologik yutuqlari tufayli vertikal usulda o‘stirish mumkin bo‘lgan ekinlar doirasi kengaydi.

Qulupnay harorat, yorug‘lik va namlik nazorati ostidagi 12 ta xonaga joylashtirilgan. Changlanish jarayoni asalarilar bilan changlanishga nisbatan samaraliroq bo‘lishi uchun maxsus loyihalashtirilgan. Kompaniyadagilarning fikricha, bunday yechim mevalarning bir xil o‘lchamda bo‘lishi ehtimolini oshiradi va chiqindilarni kamaytiradi.

Birinchi vertikal fermaning ochilishi vertikal dehqonchilikning afzalliklari bo‘yicha ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlar cho‘qqisi bo‘ldi. Unda Kvinslend universiteti, Makkuori universiteti, Vageningen universiteti, Florida universiteti, Bask davlati universiteti, CAS o‘simliklar bo‘yicha molekulyar fanlar ilg‘or tajriba markazi, Shanxay o‘simliklar fiziologiyasi va ekologiyasi instituti olimlaridan iborat xalqaro jamoa ishtirok etdi.

Richmonddagi fermada an’anaviy dehqonchilikka qaraganda 97 foiz kamroq yer va 90 foizgacha kamroq suv ishlatiladi. Pestitsidlardan foydalanish istisno qilingan, boshqariladigan muhit va qisqaroq ta’minot zanjiri esa qishloq xo‘jaligi ekinlarini patogenlar bilan zararlash xavfini kamaytiradi.

Ko‘proq yangiliklar: