Namangan shahrida voyaga yetmaganlar ishtirokida mudhish YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Namangan viloyati televideniyesi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH 2 oktyabr kuni soat 11:00 lar atrofida sodir bo‘lgan. 5 nafar o‘quvchi ijaraga Gentra mashinasini olib, shaharning Marg‘ilon ko‘chasi bo‘ylab katta tezlikda boshqarib borayotganida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan. Yo‘l o‘rtasidagi beton to‘siqdan oshib o‘tgan mashina yuk mashinasiga borib urilgan.
YTH oqibatida mashina boshqaruvida bo‘lgan, 2007 yilda tug‘ilgan o‘smir vafot etgan. Shuningdek, 2007 yilda tug‘ilgan 3 nafar hamda 2009 yilda tug‘ilgan 1 nafar o‘smir og‘ir tan jarohati olib, RShTYoIM Namangan viloyati filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Markaz shifokorining bildirishicha, ularning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Ulardan birida klinik o‘lim holati kuzatilgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli hayoti saqlab qolingan. Hozirda ularning barchasi koma holatida va sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.
Voyaga yetmagan o‘quvchilarga mashina bergan ijarachi bilan bog‘liq ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan. Oradan 5 kun o‘tganiga qaramay Namangan viloyati IIB YHXB hodisa yuzasidan munosabat bildirmagan.
Avvalroq Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida repetitorga ketayotganida ikki o‘quvchini mashina urib ketishi oqibatida ulardan biri vafot etgandi. Romitan tumani hokimi yordamchisi sodir etgan YTHda esa 3-sinf o‘quvchisi halok bo‘lgandi.
Oxirgi haftalarda Qashqadaryoning Qamashi tumanidagi maktab oldida 8-sinf o‘quvchisi, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi maktab oldida esa 11 yoshli qiz halok bo‘ldi. Toshkent shahri Sergeli tumanida 9 yoshli qiz, Shayxontohur tumanida 19 yoshli qiz avtohalokat qurboni bo‘ldi.
Oliy Majlis Senati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki besh oyi davomida 65 nafar o‘quvchi avtohalokatlarda qurbon bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohati olgan.