Isroil Hasan Nasrullohning vorisini ham o‘ldirgani aytilmoqda

Jahon 14:19 / 06.10.2024 6301

«Hizbulloh» guruhining sobiq rahbari Hasan Nasrulloh o‘rnini egallagani aytilgan Hoshim Safuiddin ham Bayrutda Isroil samolyoti zarbasidan keyin halok bo‘lgan, deb xabar bergan Al Arabiya telekanaliga vaziyatdan xabardor bo‘lgan manbalar.

Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Isroil 4 oktyabrga o‘tar kechasi Bayrut shahri janubiy chekkasiga, Safiuddinning bunkeri joylashgani taxmin qilingan hududga yopirilma zarba yo‘llagan. «Hizbulloh» hozircha bu hujumdan keyin uning taqdiri haqida ma’lumot bermadi.

Livan xavfsizlik xizmatidagi uchta manba Reuters uchun izohida juma kunidan buyon Safiuddin bedarak ketganini aytishgan. Isroil qutqaruvchilar hujum joyida ishlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Bayrut janubi bo‘ylab zarbalarni davom ettirmoqda.

Isroil mudofaa armiyasi vakili, podpolkovnik Nadav Shushaniy aviazarbalar «Hizbulloh» razvedkasi shtab-kvartirasiga yo‘naltirilganini ma’lum qilgan.

Al Arabiya xabariga ko‘ra, hujum vaqtida Safiuddinning yonida yordamchilari, eronlik harbiylar hamda «Hizbulloh» dala qo‘mondonlari ham bo‘lishgan.

Avvalroq Axios jurnalisti Barak Ravid isroillik rasmiylarga asoslangan holda 4 oktyabr kuni Bayrut bo‘ylab yo‘llangan aviazarbalar nishoni aynan Safiuddin bo‘lganini aytgandi.

Hoshim Safiuddin 1964 yilda Livan janubidagi Dayr-Kanun an-Nahr shahrida tug‘ilgan. U amakivachchasi Hasan Nasrulloh bilan birga Najaf va Qumda o‘qigan. 1982 yilda «Hizbulloh» asoschilaridan biri bo‘lgan, 1994 yilda — ijro qo‘mitasi rahbariga aylangan, o‘shanda u bu guruh rahbarligiga o‘tgan Hasan Nasrulloh o‘rnini egallagandi. Al Ghad ma’lumotiga ko‘ra, Nasrulloh 2008 yildayoq o‘zi vafot etgan taqdirda guruh rahbarligi uchun amakivachchasi nomzodini taklif etgandi.

Al Arabiya ma’lumotiga ko‘ra, Safiuddin so‘nggi o‘ttiz yillik mobaynida umumiy strategiyani ishlab chiqishni Hasan Nasrullohga qoldirib, o‘zi guruhning maxfiy ishlari bilan shug‘ullangan. BBC Arabic nashri aniqlashtirishicha, u «Hizbulloh»ning siyosiy, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy faoliyatini nazorat qilgan. 2017 yil mayida AQSh va Saudiya Arabistoni Safiuddinni terrorchilar ro‘yxatiga kiritgandi.

Safiuddinning o‘g‘li Rizo eronlik general, 2020 yil yanvarida Iroq poytaxti Bag‘dodda AQSh aviazarbasi oqibatida o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniyning qiziga uylangan. Sulaymoniy harbiy strateg va Eron tashqi siyosati mafkurachisi edi. Safiuddin u bilan quda bo‘lishi «Hizbulloh»ning Tehron bilan qanchalik yaqin aloqa bog‘laganini ko‘rsatardi.

29 sentabr kuni El Balad, Al Arabiya va Al Hadath o‘z manbalariga tayanib, Safiuddin «Hizbulloh»ning yangi bosh kotibi etib saylangani haqida xabar tarqatgandi. Ammo guruhning o‘zi bu ma’lumotni rad etdi. «Biz aniqlik kiritishni istardikki, bosh kotibning shahidligidan keyin «Hizbolloh» rahbariyatidagi tashkiliy jarayonlar to‘g‘risida ayrim nashrlarda aylanayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», — deyilgan bayonotda.

Hasan Nasrulloh 28 sentabr kuni Isroil Bayrut janubidagi yerosti shtabiga yo‘llagan aviazarba oqibatida halok bo‘ldi. U tashkilotga 1992 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan. Harakat rahbariyati uning o‘limidan keyin G‘azo, Falastin, shuningdek Livanni qo‘llab-quvvatlash uchun «dushmanga qarshi jihodni davom ettirishi»ni ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: