Dollarning kelajagiga shubhalar qanchalik asosli?

Iqtisodiyot 09:52 / 06.10.2024 41184

Rossiya propagandasining “dollar sinishi” haqidagi da’volari yangilik emas. Ammo o‘zbek tadbirkori Anvar Abduqayum kelgusi yillarda AQSh valutasining qadri tushib ketishini bashorat qilgani muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar uning taxminini to‘liq rad etmoqda. Kun.uz qarama-qarshi fikr egalari – tadbirkorning o‘zi, shuningdek, iqtisodchi Shuhrat Rasul va moliyachi Tamilla Qurbonovani studiyaga taklif etdi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin, “Bretton-Vuds” kelishuviga muvofiq, dollar funt sterlingni ortda qoldirib, dunyo valutasiga aylandi. Bugun dollar eng barqaror va ishonchli pul birligi hisoblanadi. Dunyo savdosida eng ko‘p dollar ishlatiladi, investitsiyalar portfeli, tashqi qarzlar, tovar aylanmasi, valuta zaxiralarining eng katta qismi ham dollar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Iqtisodchi Shuhrat Rasulga ko‘ra, dollarning sinishi haqidagi gaplar – fitna nazariyasidan boshqa narsa emas va bunday gap-so‘zlarning tarqatilishi ko‘p hollarda Rossiyaga borib taqaladi. Amerika moliya tizimidek mukammal tizimga muqobil hali shakllanmagan. Unga raqobatchilikni da’vo qiladigan Rossiya, Xitoy yoki BRIKS davlatlarining o‘zaro savdosi ham butun jahon moliya tizimida arzimas ulushga ega, deydi iqtisodchi.

Tadbirkor Anvar Abduqayum esa boshqacha fikrda. U dollarda pul saqlash xavfli deb hisoblaydi. Dollar yildan yilga qadrsizlanyapti, tadbirkorlar boyligi-yu resurslarini dollarda saqlasa, yutqazadi, deydi Abduqayum. Tadbirkorga ko‘ra, eng yaxshi yechim – oltin. Oltin foyda beradi, qadrsizlanmaydi, qiymatini saqlaydi. 2020 yildagi pandemiya davrida meni inqirozdan oltin foyda bilan olib chiqqan, deya qo‘shimcha qiladi u.

Moliya eksperti Tamilla Qurbonovaning fikricha, inqiroz paytida oltin narxi oshishi tabiiy. Chunki odamlar uchun kelajak noaniq paytda doim tilla narxi qimmatlagan. Lekin doim ham oltin saqlash maqsadga muvofiq emas. Inqiroz paytlarida qo‘lida valutasi bor odam yutadi, eng qulay valuta esa bu – dollar, deydi Qurbonova.

Shuhrat Rasulning ta’kidlashicha, oltin xavfsiz, lekin unda foyda va zarar ko‘rish oson. Ya’ni dollarda zarar katta summani keltirib chiqarmaydi. Oltinniki esa yuqori, masalan, oltinning 5 foizga narx o‘zgarishi – katta zarar hisoblanadi.

Tahlillarga ko‘ra, dollarning global valuta roliga soya solishi mumkin bo‘lgan omillar yo‘q emas: bular – murakkab geosiyosiy vaziyat, AQShdagi siyosiy beqarorlik, urushlar, yuqori inflatsiya, tashqi qarzlarning nihoyatda oshishi, global raqobat bozorida mavjud muvozanatning buzilishi yoki investorlar paydo qilgan sun’iy vahimalar bo‘lishi mumkin, lekin bu omillarning ro‘y berish ehtimoli juda ham past.

Aksariyat iqtisodchilar dollarni barqaror va hozirgi kunda eng ishonchli valuta deb baholaydi. Iqtisodchi Shuhrat Rasul va moliya eksperti Tamilla Qurbonova ham shu fikrda. Dollar yaqin 10 yillarda sinmaydi, qadrsizlanmaydi, yo‘qolmaydi. Dollarga jiddiy raqobatchilar paydo bo‘lishi (masalan, Xitoy yuani) esa, albatta, uzoq istiqbolda ehtimoldan soqit qilinmaydi, deydi mutaxassislar.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: