Ukraina huquq-tartibot idoralari Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri ruslar tomonidan asirga olingan kamida 93 nafar vatandoshning jang maydonida qatl etilgani haqida ma’lumotga ega. Bu haqda 4 oktyabr, juma kuni Ukraina Bosh prokuraturasi vakili Yuriy Belousov telemarafon chog‘ida ma’lum qildi.
«Hozir bizda jang maydonida qatl etilgan 93 nafar askarimiz halok bo‘lgani haqida ma’lumot bor», — deya Belousov so‘zlaridan iqtibos keltirgan «Ukrinform».
Ukraina Bosh prokuraturasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga ma’lum bo‘lgan qatllarning 80 foizi 2024 yilda qayd etilgan. Rossiya kuchlari tomonidan ukrainalik asirlarga nisbatan yomon munosabat 2023 yil noyabridan beri kuzatilmoqda, dedi Belousov.
Ukraina Bosh prokuraturasi Ukraina Qurolli kuchlarining asirga olingan askarlarining qatl etilgani haqida ma’lumot olishda davom etmoqda, dedi Belousov. Kiyevga so‘nggi bunday holat 3 oktyabr kuni ma’lum bo‘ldi.
«Telegram-kanallarda boshqa bir harbiy xizmatchining shafqatsiz qatl etilgani aks etgan video tarqaldi, biz zudlik bilan «SBU»Bosh tergov boshqarmasida yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilganini qayd etdik», — dedi Belousov.
Kiyev UQK harbiylarining RF askarlari tomonidan o‘ldirilishini tergov qilmoqda
Ukraina prokurorlari rossiyalik askarlarni Donetsk oblastida 16 nafar ukrainalik harbiy asirni o‘ldirganlikda gumon qilmoqda. Ukraina Bosh prokuraturasi 1 oktyabr kuni urush qonunlari va odatlarini buzish bo‘yicha sudgacha tergov boshlandi. Tergov boshlanishiga Ukraina Telegram-kanallarida tarqalgan video sabab bo‘ldi. Unda rossiyalik askarlarning taslim bo‘lgan Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) askarlarini o‘qqa tutishi tasvirlangan.
Videoda Rossiya askarlari tomonidan asirga olingan Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari o‘rmon hududidan qanday chiqib kelgani tasvirlangan. «Ular saf tortgandan so‘ng, okkupantlar ularni o‘ldirish uchun ataylab o‘q uzgan. Tirik qolgan yaradorlarni avtomatdan o‘q uzib, uzoq masofadan turib o‘ldirishgan», — deyiladi prokuratura bayonotida.
Ukraina bosh prokurori Andrey Kostinning ta’kidlashicha, bu «ukrainalik harbiy asirlarni frontda qatl etish bo‘yicha ma’lum bo‘lgan eng ommaviy holat». Kostinning so‘zlariga ko‘ra, ukrainaliklarning qatl etilishi va qiynoqqa solinishi «tasodifiy hodisa emas, balki Rossiya harbiy va siyosiy rahbariyatining siyosatidir».