AQSh Yamandagi husiychilar nishonlariga raketa zarbalari berdi

Jahon 09:27 / 05.10.2024 3537

Qo‘shma Shtatlar 4 oktyabr, juma kuni Yamandagi eronparast «Ansor Alloh» guruhining husiychi jangchilari nazorati ostidagi bir qator nishonlarga raketa zarbalari berdi. Avvaliga Amerika qo‘mondonligidan bu haqda hech qanday rasmiy xabar yo‘q edi, biroq husiychilar tomonidan nazorat qilinadigan Yaman OAV xabarlari anonimlik sharti bilan AQSh ma’muriyati vakili tomonidan tasdiqlangan.

Ushbu xabarlarga ko‘ra, hujumlar Amerika harbiy samolyotlari va kemalaridan amalga oshirilgan. Nishonlar orasida Qizil dengiz sohilidagi Xodeyda shahri aerodromi va harbiy baza bor edi. Husiychilar nazorati ostidagi poytaxt Sano, shuningdek, Dhamar shahrida bir nechta nishonga zarba berildi.

Yamanning «Al-Masirah» telekanali Britaniya qo‘shinlari amerikaliklar bilan birga zarbalar berganini da’vo qilgan, biroq Britaniya hukumatidagi manbalar buni rad etmoqda. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

RF husiychilar bilan ularga raketalar yetkazish bo‘yicha yashirin muzokara olib bormoqda - Reuters 

Rossiya Eron vositachiligida Yamanning husiychi isyonchilari bilan P-800 «Oniks» (eksport versiyasida «Yaxont») kemalarga qarshi qanotli raketalarini yetkazib berish bo‘yicha yashirin muzokaralar olib bormoqda, deb xabar berdi Reuters 24 sentabr kuni g‘arbdagi va mintaqaviy manbalarga tayanib. 

Agentlik suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar may oyi oxirida vertolyot qulashida halok bo‘lgan Eronning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy davrida boshlangan. Ikki mintaqaviy rasmiyning aytishicha, Rossiya va husiychilar vakillari Tehronda bu yil kamida ikki marta uchrashgan, kelgusi haftalarda yana ko‘p uchrashuvlar bo‘lishi kutilmoqda. Biroq, Reuters manbalariga ko‘ra, Rossiya raketalarni husiychilarga topshirish bo‘yicha qaror qabul qilgani yo‘q.

«Eronliklar bu muzokaralarda vositachilik qilmoqda, biroq ularga qo‘shilishni istamayapti», dedi g‘arb razvedkasidagi manba Reuters agentligiga.

Ko‘proq yangiliklar: