Jahon banki O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollar ajratadi

Iqtisodiyot 15:32 / 04.10.2024 2557

Jahon banki direktorlar kengashi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun imtiyozli kreditlar ko‘rinishidagi 800 million dollarlik moliyalashtirish paketini tasdiqladi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati xabar berdi.

Bu islohotlar mamlakatning inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirishga qaratilgan.

“Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumatning tarkibiy islohot dasturi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi, temiryo‘l va energetika sohalarida samaradorlikni oshirish, davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish, ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatning atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarga tayyorligini oshirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Jahon bankiga ko‘ra, ushbu 800 mln dollarlik mablag‘lar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida mavjud bo‘lgan qarz olish imkoniyatlaridan pastroq foiz stavkalari va uzoq muddatlarda taqdim etiladi.

“Bu O‘zbekistonga muhim moliyaviy resurslarni tejashga yordam beradi va bu mablag‘lardan dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda foydalaniladi”, - deyiladi JB xabarida.

Jahon bankining moliyalashtirish paketi quyidagi sohalarda aniq natijalarga erishishni nazarda tutadi:

1. Ijtimoiy himoya tizimi: fuqarolarning ayrim toifalari uchun ishsizlik, kasallik va tug‘uruq bo‘yicha nafaqalar qamrovini kengaytirish;

2. Gender zo‘ravonlikka qarshi kurash: maishiy va jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari huquqlarini yanada samarali himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish;

3. Fermer xo‘jaliklarining qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini ta’minlash: ushbu huquqlarga rioya etilishini kafolatlash mexanizmlarini ishlab chiqish. Ularning qonunchilikka kiritilishi fermerlarni yanada samarali dehqonchilik usullariga sarmoya kiritishga undaydi. Bu, o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini va iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshiradi;

4. Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash: investorlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishni kafolatlovchi qonunchilikni ishlab chiqish. Shuningdek, investorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, katta hajmdagi xorijiy va mahalliy sarmoyalarni jalb qilish uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi;

5. Davlat moliyasini boshqarish: fiskal risklar to‘g‘risida hisobot berish mexanizmlarini ishlab chiqish va davlat xaridlarini boshqarishni takomillashtirish. Ushbu chora-tadbirlar budjet mablag‘laridan foydalanishda shaffoflik va samaradorlikni oshiradi;

6. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash: Iqlim o‘zgarishiga hissa qo‘shadigan atmosferaga chiqadigan chiqindilarini kamaytirishni rag‘batlantiradigan qonunchilik normalarini ishlab chiqish. U, shuningdek, iqtisodiyotning energiyani ko‘p talab qiladigan tarmoqlarida energiya samaradorligini rag‘batlantirishga qaratilgan;

7. Suv resurslarini boshqarish: suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va suv yetkazib beruvchilar hamda foydalanuvchilar mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha institutsional-huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish. Bu chora-tadbirlar sohaga davlat sarmoyasini jalb qilish va qo‘shni davlatlar bilan kelishilgan holda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish imkonini beradi;

8. Atrof-muhit va iqlimga ta’sirni baholash: hokimiyat organlarining iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit omillari va havo ifloslanishining iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, shuningdek, odamlar salomatligi va farovonligiga ta’sirini baholash bo‘yicha salohiyatini rivojlantirish. Bu atrof-muhitni muhofaza qilish, jumladan, havo, tuproq, yerusti va yerosti suvlari, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi salohiyatini rivojlantirishga ham tegishli;

9. Iqlim barqarorligiga sarmoya kiritish: xususiy investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik toza loyihalarga davlat investitsiyalari ulushini oshirish. Bunday yondashuv mamlakatda tobora kamayib borayotgan tabiiy resurslardan samarali foydalanish va yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini tezlashtirish imkonini beradi;

10. Temiryo‘l sohasi: Temiryo‘l tarmog‘ining samaradorligi va rentabelligini oshirish, temiryo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va sohada havoga chiqindilarni kamaytirish uchun qonunchilik bazasini takomillashtirish;

11. Energetika sohasi: tarmoq samaradorligini oshirish va uni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida energiya tarif tizimini isloh qilish. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini tariflarning oshishi oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirish. Qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishda xususiy sektor ishtirokini oshirish uchun huquqiy va institutsional bazani takomillashtirish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Jahon banki Orol dengizini saqlashning ikkinchi bosqichida ishtirok etishi xabar qilingandi. Jahon banki vakillari Orol dengizini saqlab qolish loyihasining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: