Dam olish kunlari respublika hududiga Kaspiy dengiz janubidan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, deya xabar berdi «O‘zgidromet» agentligi.
Juma kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida iliq va quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida va kechga tomon Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kunduzi +26…+31 darajani tashkil etadi, janubda ba’zi joylarda +33 darajagacha bo‘ladi.
Dam olish kunlari esa respublikaning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat markaziy va sharqiy hududlarda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ayrim joylarda kuchli bo‘lishi, baland tog‘larda qorga aylanishi mumkin.
6 oktyabrda respublikaning ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlariga tuman tushishi mumkin. Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, respublika bo‘yicha 15–20 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Havo harorati kechalari 5 oktyabrda +12…+17 darajani, 6 oktyabrda +10…+15 darajani tashkil etadi, kunduz kunlari +20…+25 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
Toshkent shahrida 4 oktyabrda kechqurun biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, kechga tomon 11–13 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Harorat +28…+30 daraja bo‘ladi.
5–6 oktyabrda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati 5 oktyabrda kechasi +15…+17, kunduzi +22…+24, 6 oktyabrda kechasi +12…+14, kunduzi +20…+22 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan 5–10 metr/soniya tezlikda esadi.